Дата: 07.12.2023
Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan “8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni” hamda 10-dekabr – Davlat madhiyasi qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan, 2023-yil 5-dekabr kuni tashkil etilgan davra suhbatida “O‘zbekkosmos” agentligi va uning muassisligidagi “Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi” MChJ xodimlari ishtirok etdilar.
Ushbu davra suhbatida yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati, unda keltirilgan inson qadri va fuqarolik huquqlari, sud-huquq tizimi, davlat boshqaruvida mahalliy ijro etuvchi organlarning roli va kuchli ijtimoiy himoya masalalari yuzasidan so‘z yuritildi. Shuningdek, Bosh qomusimizning 33-moddasida davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishi alohida belgilab qo‘yilganligi hamda yurtimiz hayotining turli sohalarini raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi E.Zaxidov, O‘zLiDeP Toshkent shahar Kengashi raisi R.Fozilov, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi Siyosiy ta’lim markazi rahbari N.Alimovlar ishtirok etishib, quyidagi mavzularga alohida e’tibor qaratdilar:
- “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlari doirasida belgilangan tub islohotlar;
- so‘nggi yillarda iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’naviy hayotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni mustahkamlashda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning o‘rni va roli;
- “Konstitutsiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!” degan hayotiy shiorning mohiyati va ahamiyati, yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida inson huquq va erkinliklari sohasida mutlaqo yangi bosqichga o‘tilganligi;
- mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini ta’minlash, ushbu huquqlarni cheklayotgan omillarni bartaraf etish, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, oila, onalik, bolalik va otalikni himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar.
Davra suhbati davomida yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan normalarni amalga oshirish uchun nafaqat davlat idoralari xodimlari, balki butun xalqimiz va barcha fuqarolarimiz, ayniqsa yoshlarning oʻzaro hamjihatlik va birdamligi zarurligi, shuningdek, tenglik, oshkoralik, halollik va adolatlilik prinsiplari asosida ish yuritishlari lozimligi ta’kidlab oʻtildi.
Mazkur davra suhbati mobaynida mehnat jamoalari tomonidan tegishli savol va takliflar berilib, fikr-mulohazalar yuritildi. Natijada, barcha ishchi-xodimlar oʻzlari uchun qoʻshimcha bilim va ma’lumotlarga ega boʻldilar.