Дата: 01.02.2024
Bugun, 1-fevral kuni Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi binosida Kosmik tadqiqotlar yo‘nalishida raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha 2023-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2024-yildagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi rahbariyati, soha xodimlari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Ma’lumki, 2023-yilda Davlat Kosmik monitoring tadqiqotlar yo‘nalishida bir qator muhim ishlar amalga oshirildi. Jumladan, kosmik suratlar va qayta ishlangan ma’lumotlar iste’molchisi bo‘lgan vazirlik va idoralar 15 tadan ortib (2022-yilda 8 ta) sohalarda 20tadan ortiq loyihalar amalga oshirildi. 10 dan ortiq geoplatformalar yaratildi. Shuningdek, 726 ming km.kv kosmik suratlarni qayta ishlash orqali Geologiya, Yer munosobatlari, ekologiya, kishlok va o‘rmon xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, seysmologiya sohalarida davlat kosmik monitoringi amalga oshirildi.
Suv omborlarining joriy maksimal suv sig‘imi hajmini va suv omborlari to‘g‘onlarining deformatsiyalanish, siljish va cho‘kish dinamikasini aniqlash imkoniyati yaratildi. Halqaro hamkorlik va ta’lim yo‘nalishlarida ham bir kator kelishuv va yutuqlarga erishildi.
Shuningdek, o‘tgan 2023-yilda Davlat Kosmik monitoring tadqiqotlar yo‘nalishida ham bir qator muhim ishlar amalga oshirildi. Jumladan, geologiya sohasida respublikaning 13 ta hududida kosmik monitoring orqali jami 8 915 ta noqonuniy qazib olish holatlari; yer munosabatlari sohasida Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Buxoro, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari kesimida qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlarda jami 27 495 ta ehtimoli yuqori bo‘lgan o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino-inshootlar aniqlandi.
“O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan yangi texnologiyalar asosida suv omborlarida amalga oshirilgan monitoring natijasida 25 ta suv omborlarining joriy maksimal suv sig‘imi hajmini va loyqa oqiziqlar bilan to‘lish holatini aniqlash imkoniyati yaratildi.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 6 ta hududda jami 1350 ta noqonuniy chiqindixonalar va 54 ta chiqindi poligonidan tashqariga chiqish holatlari aniqlandi. Davlat kosmik monitoringi doirasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan 6 ta viloyatdagi muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda jami 1525 ta qurilgan noqonuniy bino va inshootlar aniqlandi va ma’lumotlar sohadagi vakolatli organlarga taqdim etildi.
Seysmik xavfsizlikni ta’minlashda suv omborlar to‘g‘onlarining zilzilabardoshligini doimiy kosmik monitoringini yuritish maqsadida 18 ta suv omborlarida radiolokatsion kosmik monitoring tizimi joriy etildi va buning natijasida ushbu suv omborlar to‘g‘onlarida yuz berayotgan deformatsiya, siljish, cho‘kish kabi tendensiyalarni o‘zida mujassamlashtirgan “Damb Monitoring System” geoaxborot tizimi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida, (Dastur doirasida 2023-yilda 2 ta hudud belgilangan), qishloq xo‘jaligi maydonlarining ma’lumotlar bazasi to‘g‘ri va shaffof yuritilishini ta’minlash va ularni yangilash maqsadida Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida bug‘doy (200,7 ming Ga)va paxta ekilgan maydonlar (136,9 ming Ga) aniqlandi hamda ma’lumotlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi AgroBI platformasiga integratsiya qilindi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 28-iyuldagi PF-119-son Farmoni ijrosi doirasida respublikada mavjud huquq e’tirof etilmagan uy-joylarning 2018 yil 1 maygacha bo‘lgan holatiga kosmik suratlarini qayta ishlash natijasida olingan ma’lumotlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga taqdim etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, 6 ta viloyat kesimida aholi punktlari, o‘rmon fondi yerlari va suvni muhofaza qilish zonasida jami 9 446 ta (Toshkent – 1 103 ta, Sirdaryo – 276 ta, Jizzax – 1 751 ta, Buxoro – 1 334 ta, Farg‘ona – 1 822 ta, Samarqand – 3 436 ta) ehtimoli yuqori bo‘lgan o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino-inshootlar aniqlandi va qonuniy chora ko‘rish uchun sohadagi organlarga taqdim etildi.
Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish doirasida 2023 yil 25 aprelda Toshkent shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning kosmik agentliklari rahbarlarining ikkinchi yig‘ilishi, dunyoning 30 dan ortiq davlatdan 250 dan ortiq kosmik korporatsiyalar, agentlik va qo‘mitalar vakillari ishtirokida “Space Technology Conference STC-2023” xalqaro konferensiyasi o‘tkazildi.
Ozarbayjonning Boku shahrida bo‘lib o‘tgan 74-Xalqaro Astronavtika Kongressida (IAS) “O‘zbekkosmos” agentligi Xalqaro astronavtika federatsiyasiga a’zo bo‘ldi.
Joriy yilning 7-8 oktyabr kunlari Toshkent shahrida NASA bilan hamkorlikda navbatdagi NASA Space Apps qo‘shma xakatoni o‘tkazildi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan AQSHdagi Kolorado Bolder va Ayova davlat universitetlariga 2 nafar talaba ta’lim olish uchun yuborildi.
2024 yilda ham sohada bir qator muhim ishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan,
yer munosabatlari sohasida 2024 yilda butun respublika kesimida yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi hamda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida bino va inshootlar qurilishini aniqlash;
o‘rmon ho‘jaligi sohasida 8ta hududda yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi; o‘rmon bilan qoplangan maydonlarning chegaralarini belgilash;
qishloq xo‘jaligi sohasida 2024 yilda respublikaning 8 ta hududida (Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon, Farg‘ona, Toshkent va Namangan viloyatlari) yerlardan foydalanishning joriy holati (boshqa maqsadlarda), ekinlarning turlari (asosan paxta, bug‘doy, shuningdek, sun’iy intellekt imkoniyatlariga ko‘ra boshqa ekin turlari) hamda haqiqatda ekilgan ekin maydonlarini aniqlash;
geologiya sohasida sohasida butun respublika kesimida yer qa’ridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, noruda foydali qazilmalar joylashgan maydonlardan asossiz ravishda va boshqa maqsadlarda foydalanish holatlarini aniqlash;
ekologiya sohasida 2024 yilda 12 ta hudud kesimida mavjud chiqindilarni saqlash joylarida belgilangan hududdan tashqariga chiqish, yangi paydo bo‘lgan noqonuniy chiqindi zonalarini aniqlash;
suv xo‘jaligi sohasida 2024 yilda 35 ta suv ombori kesimida suv omborlarining loyqa oqiziqlar bilan to‘lib borish dinamikasi hamda suv omborlarining suv sathi rejimini monitoring qilish ishlari, shuningdek, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari kesimida sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi maydonlarida suv iste’moli hajmlarini monitoring qilish sinov-tajriba loyihasi amalga oshiriladi.
Xalqaro xamkorlikni rivojlantirish doirasida:
BMT Bosh Assambleyasining 1966 yil 19 dekabrdagi 22-(XXII) rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan Kosmosni, shu jumladan, Oyni va boshqa samoviy jismlarni tadqiq qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha davlatlarning faoliyati tamoyillari to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish;
Global sun’iy yo‘ldoshli navigatsiya (GNSS) tizimlari operatorlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish;
Tabiiy ofatlar va kosmos xalqaro xartiyasiga (International Charter «Space and Major Disasters») O‘zbekiston Respublikasi hududi uchun vakolatli foydalanuvchi sifatida qo‘shilish;
Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlar davlatlararo kosmik kengashining 5-yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazish ishlari amalga oshiriladi.
Davlat organlari uchun GIS va fazoviy ma’lumotlardan foydalanish bo‘yicha seminarlar o‘tkazish.
Aholi va ommaviy axborot vositalari vakillarining kosmik texnologiyalar imkoniyatlari haqida xabardorligini yanada oshirish.
Ta’lim va ilmiy salohiyatni rivojlantirish doirasida:
Kosmik sohaga yosh avlodni qiziqtirish va kosmik sohaning jozibadorligini targ‘ib qilish;
O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari uchun “Space camp”lagerini tashkil etish;
80 ta O‘zbekistonning 9-15 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli o‘smirlarini o‘qitish maqsad qilingan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi kosmik tarmog‘ini rivojlantirish hamda ilmiy-tadqiqot va ilmiy-amaliy faoliyatni amalga oshirish uchun “O‘zbekkosmos” agentligi tizimida Amaliy kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar ilmiy-ishlab chiqarish milliy markazini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish;
“El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 10 nafargacha talabalarni ta’lim olish uchun yuborish.
Yerni masofadan zondlash va davlat kosmik monitoringi texnologiyalarini qo‘llashni qamrab oluvchi tarmoq mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘quv markazlarini tashkil etish masalasini o‘rganib chiqish va Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish maqsad qilingan.
Matbuot anjumani davomida jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga mas’ullar tomonidan javoblar taqdim etildi.