Sana: 17.06.2022
Bugun Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan “Mintaqaviy muloqot” XNNTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatidagi “Olmos” konvension markazi majmuasida “Sud-huquq faoliyatini raqamlashtirishning dolzarb masalalari va istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi.
Mazkur ilmiy-amaliy konferensiya ishida Adliya vazirligi, Huquqiy tadqiqot instituti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Advokatlar palatasi, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, xalqaro ekspertlar, Ommaviy axborot vositalari vakillari hamda “O‘zbekkosmos” agentligining Kosmik sohada qonunchilikni shakllantirish va strategik rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Shohruh Nasrullayev ishtirok etdi. Tadbirning asosiy maqsadi — sud-huquq hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini raqamlashtirish, elektron odil sudlovni rivojlantirish istiqbollari, korrupsiyaga qarshi kurashda raqamli texnologiyalarni qo‘llashni yanada takomillashtirish, sud-huquq sohasida raqamlashtirishning huquqiy asoslarini ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
Konferensiya ishini O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosari Aktam Muxammadiyev, “Mintaqaviy muloqot” XNNT direktori Myusha Sever o‘z kirish so‘zlari bilan ochib berdilar.
Ilmiy-amaliy konferensiyaning “Sud-huquq faoliyatini raqamlashtirishning dolzarb masalalari va istiqbollari” mavzusi bo‘yicha konferensiya dasturida belgilangan mavzular doirasida tashkilotlardan kelgan ekspertlar, mutaxassislar, soha vakillari ma’ruza qildilar. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi raisi o‘rinbosari Davron Saidov ishtirok etib, ular “Advokatura sohasini raqamlashtirishning istiqbollari” xususida ma’ruza qilib, sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar xususida o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi. Konferensiya ishi 2022 yilning 17 iyun kuniga qadar davom etadi.