Xalqaro hamkorlik

 

Xalqaro Hamkorlik, xalqaro reytinglar va strategik rivojlantirish bo'limi -  Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti

 

 

Bugungi kunda xalqaro hamkorlikni muvofiqlashtirish “O‘zbekkosmos” agentligi faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Bu dunyoning yetakchi kosmik agentliklari va kompaniyalari bilan tajriba, ilg‘or texnologiyalar va bilim almashish uchun noyob imkoniyatlar yaratadi. Jahon hamjamiyati bilan faol hamkorlik xalqaro hamjamiyat oldida Agentlik va O‘zbekiston Respublikasi nufuzini mustahkamlash va mavqeini oshirishga xizmat qilmoqda.

 

Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik

 

“O‘zbekkosmos” agentligi xalqaro tashkilotlar faoliyatida faol ishtirok etib, nufuzli kosmik tuzilmalarga a’zolikka ega. Bunga quyidagilar kiradi:

 

  1. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Kosmosdan tinch maqsadlarda foydalanish qo‘mitasi (COPUOS)

 

Kosmosdan tinch maqsadlarda foydalanish qo‘mitasi (COPUOS) BMTning maxsus qo‘mitasi bo‘lib, uning asosiy vazifalari xalqaro hamkorlikni kengaytirish va kosmosdan tinch maqsadlarda foydalanish dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni o‘rganish, shuningdek, kosmosni tadqiq qilishda yuzaga keladigan huquqiy muammolarni o‘rganishdir. Hozirgi vaqtda 102 davlat COPUOS a’zosi hisoblanadi. Bundan tashqari, 41 ta xalqaro tashkilot Qoʻmita va uning quyi qoʻmitalarida kuzatuvchi maqomiga ega.

Oʻzbekiston 2022-yildan beri BMTning Kosmosdan tinch maqsadlarda foydalanish qoʻmitasi aʼzosi hisoblanadi. “O‘zbekkosmos” agentligi vakolatli organ etib tayinlangan va qo‘mita yig‘ilishlarida faol ishtirok etib kelmoqda.

“O‘zbekkosmos” agentligining BMTning Kosmosdan tinch maqsadlarda foydalanish qo‘mitasiga a’zoligi katta imtiyozlar beradi, jumladan, xalqaro muhokamalar va loyihalarda faol ishtirok etish, turli mamlakatlarning kosmik agentliklari bilan tajriba almashish, ekspertizadan foydalanish va ko‘mak olish, kosmik faoliyat bo‘yicha xalqaro qoidalar va yo‘riqnomalarni ishlab chiqishda ishtirok etish, shuningdek, jahon miqyosida manfaatlar va pozitsiyalarni ifodalash.

 

  1. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va Ijtimoiy Komissiyasi Hukumatlararo Maslahat qoʻmitasining Barqaror rivojlanish uchun kosmik texnologiyalardan foydalanish boʻyicha mintaqaviy dasturi (UN ESCAP)

 

UN ESCAP – eng katta hududni qamrab olgan va eng ko‘p aholiga ega Birlashgan Millatlar Tashkilotining beshta mintaqaviy komissiyalaridan biri. 1947 yil 28 martda tashkil etilgan. UN ESCAP tarkibiga 53 ovoz beruvchi davlat, jumladan, MDHning sakkizta davlati (Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston), shuningdek, hali toʻliq siyosiy mustaqillikka ega boʻlmagan, lekin maslahatchi ovoz berish huquqiga ega boʻlgan assotsiatsiyalangan aʼzolar maqomiga ega boʻlgan 9 ta hudud kiradi.

Komissiya Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga mintaqaviy va submintaqaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, turli maslahat va texnik yordam koʻrsatish, davlat organlariga toʻgʻridan-toʻgʻri maslahatlar berishga, mintaqaviy tajriba va axborotni yigʻilishlar, nashrlar va transmilliy aloqa tarmoqlarini tashkil etish orqali umumlashtirishga eʼtibor qaratish orqali koʻmaklashishga chaqirilgan.

“O‘zbekkosmos” agentligi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasining (ESCAAP) faol ishtirokchisi bo‘lib, 2018-2030 yillarga mo‘ljallangan barqaror rivojlanish sohasida kosmik texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha Osiyo-Tinch okeani Harakatlar rejasi doirasida faol hamkorlik qilmoqda.

 

  1. Turkiy davlatlar tashkiloti

 

Turkiy davlatlar tashkiloti 2009-yil 3-oktabrda “Turkiy kengash” nomi bilan tuzilgan xalqaro tashkilotdir. Tashkilot turkiy xalqlar oʻrtasida har tomonlama hamkorlik qilish maqsadida zamonaviy davlatlarni birlashtiradi.

“O‘zbekkosmos” agentligi Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi kosmik agentlik va bo‘limlarning yig‘ilishlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Bunday ishtirok etish tajriba almashish, qo‘shma loyiha va tashabbuslarni muhokama qilish, shuningdek, boshqa turkiy davlatlar bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

 

  1. MDH Davlatlararo kosmik kengashi

 

Kosmos boʻyicha Davlatlararo kengash MDHga aʼzo davlatlar oʻrtasida koinotni tinch maqsadlarda tadqiq qilish va undan foydalanish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlarning kosmosni tinch maqsadlarda tadqiq qilish va undan foydalanish sohasida qoʻshma faoliyatini amalga oshirish toʻgʻrisidagi Bitimga aʼzo davlatlarning oʻzaro hamkorligini muvofiqlashtirish maqsadida tashkil etilgan.

“O‘zbekkosmos” agentligi MDH Davlatlararo kosmik kengashining a’zosi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan MDH doirasidagi kosmik sohaga oid hujjatlarda belgilangan majburiyatlarni bajaradi.

 

Xorijiy agentlik va kompaniyalar bilan hamkorlik

 

“O‘zbekkosmos” agentligi Airbus (Fransiya), Maxar (AQSh), SpaceX (AQSh), OneWeb (Buyuk Britaniya), SSI Monaco (Monako), Synspective (Yaponiya), Esri (AQSh), BlackSky (AQSh), SpaceBuzz (AQSh) va boshqalar kabi dunyodagi yetakchi kosmik kompaniyalar bilan hamda Ozarbayjon (Azercosmos), Turkiya (TUA), Birlashgan Arab Amirliklari (BAA kosmik agentligi), Qozog‘iston (Aerokosmik qo‘mita), Fransiya (CNES), AQSh (NASA), Pokiston (SUPARCO) Xitoy (CNSA), Isroil (ISA), Malayziya (MYSA), Tailand (NSTDA), Yaponiya (JAXA), Koreya (KARI) kabi davlatlarning kosmik agentliklari bilan ikki tomonlama hamkorlik qilib kelmoqda.

Yetakchi xorijiy kompaniyalar va kosmik texnologiyalar agentliklari bilan hamkorlik ilg‘or texnologiyalar, innovatsiyalar va tajribalardan foydalanish imkonini beradi, xalqaro miqyosda kadrlar tayyorlash, yirikroq loyihalarni amalga oshirish, xarajatlar va xavflarni kamaytirish, Agentlikning xalqaro maqomini mustahkamlash, O‘zbekistonning kosmik salohiyatini kengaytirish bo‘yicha qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish imkonini yaratadi.

 

Memorandumlar va ikki tomonlama shartnomalar

 

“O‘zbekkosmos” agentligi Ozarbayjon kosmik agentligi, Pokiston Islom Respublikasining Koinot va yuqori atmosfera tadqiqotlari komissiyasi, Koreya aerokosmik tadqiqotlar instituti hamda Airbus, OneWeb, Maxar, Voyager, SpaceBuzz kabi kompaniyalar bilan bir qator o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzolagan.

Xorijiy OTMlar bilan ham kosmik texnologiyalar bo‘yicha ta’lim sohasida faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Padua universiteti (Italiya) va Moskva aviatsiya instituti (Rossiya) bilan o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolangan. Bu kosmik sohada ta’lim sifatini oshirish va mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladigan tajriba va ilg‘or bilim almashishga xizmat qilmoqda.

 

Hukumatlararo darajada hamkorlik

 

Xalqaro hamkorlik hukumatlararo darajada ham rivojlanmoqda. Kosmik sohadagi hamkorlikni rivojlantirish uchun hukumatlar oʻrtasida bir qancha shartnomalar imzolangan, xususan:

 

а. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida kosmik fazoni tadqiq etish va undan tinch maqsadlarda foydalanish yuzasidan hamkorlik to‘g‘risida Bitim;

 

b. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qozog‘iston Respublikasi Hukumati o‘rtasida kosmik fazoni tinchlik maqsadlarida tadqiq etish va foydalanish sohasida hamkorlik to‘g‘risida Bitim;

 

c. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Fransiya Respublikasi Kosmik tadqiqotlar milliy markazi o‘rtasida kosmik sohadagi hamkorlik to‘g‘risida Hadli bitim.

 

Xalqaro konferensiyalar

 

“O‘zbekkosmos” agentligi tashabbusi bilan 2022 va 2023-yillarda Toshkent shahrida kosmik texnologiyalarga bag‘ishlangan “Space Technology Conference 2022” va “Space Technology Conference 2023” deb nomlangan ikkita yirik xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Qayd etish joizki, bunday turdagi tadbirlar Markaziy Yevroosiyoda ilk bor o‘tkazildi va mintaqada keng ko‘lamli loyihaga aylandi.

Mazkur kosmik texnologiyalarga bag‘ishlangan tadbirlar mintaqaning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashda kosmik va sun’iy yo‘ldosh biznesining rolini muhokama qilish uchun butun Markaziy Yevroosiyodagi milliy kosmik agentliklarni va xalqaro kosmik hamjamiyatni birlashtirdi. Konferensiyalar ushbu muhim soha bo‘yicha uchrashish, fikr almashish hamda bozor tendensiyalari va kelajak istiqbollarini muhokama qilish uchun qulay platforma bo‘lib xizmat qildi.