Davlat kosmik monitoringi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-noyabrdagi “Kosmik tarmoqni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-429-son qarori bilan tasdiqlangan 2023-2024 yillarga mo’ljallangan davlat kosmik monitoringini amalga oshirish dasturiga asosan bajarilmoqda.
Dasturning asosiy yo’nalaishlari:
Qishloq xo’jaligi sohasida – yerlardan foydalanishning joriy holati, ekinlarning turlari (paxta va bug’doy) hamda haqiqatda ekilgan ekin maydonlarini aniqlash, qishloq xo’jaligi erlarini o’zboshimchalik bilan egallash holatlarini hamda noqonuniy qurilgan bino va inshootlarni aniqlash. 2023-yilda Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida ishlar amalga oshirilmoqda, mazkur tadbir 2024-yilda respublikaning 8 ta viloyatiga tatbiq etiladi.
Yer munosabatlari sohasida – yer uchastkalarining o’zboshimchalik bilan egallab olinishi hamda o’zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida bino va inshootlar qurilishini aniqlash. 2023-yilda Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Buxoro, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida ishlar bajarilmoqda, mazkur tadbir 2024-yilda O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida o‘tkaziladi.
O’rmon xo‘jaligi sohasida – o’rmon bilan qoplangan maydonlarning chegaralarini belgilash, o’rmon yong’inlari oqibatlarida zarar yetkazilgan maydonlarni aniqlash, shuningdek o‘rmon fondi yerlarida er uchastkalarining o’zboshimchalik bilan egallab olinishi, noqonuniy bino va inshootlar qurilish holatlarini aniqlash. 2023-yilda Samarqand,Farg‘ona, Jizzax, Toshkent va Andijon viloyatlarida ishlar bajarilmoqda, mazkur tadbir 2024-yilda O‘zbekiston Respublikasining 8 ta viloyatida o‘tkaziladi.
Geologiya sohasida – yer qa'ridan o’zboshimchalik bilan foydalanish, foydali qazilmalar joylashgan maydonlardan asossiz ravishda va boshqa maqsadlarda foydalanish holatlarini aniqlash. 2023–2024-yillarda O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ekologiya sohasida – mavjud chiqindilarni saqlash joylarida belgilangan hududdan tashqariga chiqish, yangi paydo bo’lgan noqonuniy chiqindi zonalarini, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda yer uchastkalarining o’zboshimchalik bilan egallab olinishi, noqonuniy bino va inshootlar qurilish holatlarini aniqlash. 2023-yilda Sirdaryo, Xorazm, Buxoro, Jizzax, Toshkent va Samarqand viloyatlarida viloyatlarida ishlar bajarilmoqda, mazkur tadbir 2024-yilda respublikaning 12 ta viloyatida o‘tkaziladi.
Suv xo‘jaligi sohasida – suv omborlarining suv sathi rejimini va ularning loyqa oqiziqlar bilan to’lib borish dinamikasini monitoring qilish, suvni muhofaza qilish zonalarida yer uchastkalarining o’zboshimchalik bilan egallab olinishi, noqonuniy bino va inshootlar qurilish holatlarini aniqlash. 2023-yilning oxirigacha O‘zbekiston Respublikasining 25 ta suv omborida kosmik monitoring ishlari amalga oshiriladi. Mazkur tadbir 2024-yilda respublikaning 35 ta suv omboriga tatbiq etiladi.