• Агентство космических исследований и технологий при Кабинете Министров Республики Узбекистан
“Airbus Defence & Space” kompaniyasining kosmik yer usti infratuzilmasi, geoaxborot ma’lumotlarini qayta ishlash markazi bilan tanishildi

Sana: 22.06.2022

“O‘zbekkosmos” agentligi ishchi guruhi Fransiyaning Tuluza shahriga tashrifi doirasida  “Airbus Defence & Space” kompaniyasining kosmik yer usti infratuzilmasi, geoaxborot ma’lumotlarini qayta ishlash markazi bilan tanishdi. Tashrifning boshida ishchi guruhga kompaniya haqida qisqacha ma’lumot berildi. Uning tarixi, imkoniyatlari, joriy holati, xususan, kosmik sohada erishilgan yutuqlar va kelajakdagi rejalar bilan tanishtirib o‘tildi.
Ushbu markaz “Airbus Defence & Space” kompaniyasining asosiy markazi bo‘lib yerni masofadan zondlash uchun qo‘llaniladigan 6 ta optik va 3 ta radarli sun’iy yo‘ldoshdan iborat bo‘lgan sun’iy yo‘ldosh turkumini boshqarish stansiyasidan iborat. Ushbu stansiya barcha parvozlarni boshqarish, sun’iy yo‘ldosh orbitalarini boshqarish va suratga olish bo‘yicha vazifalarni belgilashning asosiy nuqtasidir. Taqdimot chog‘ida butun dunyo bo‘ylab yer usti stansiyalari ko‘p bo‘lishiga qaramay, ularning barchasi qabul qilish uchun ishlashi va faqat shu stansiya sun’iy yo‘ldoshlarni boshqarish imkoniyatiga ega ekanligi ta’kidlandi. 
Keyinchalik yerni masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshlaridan ma’lumotlarni qabul qilish uchun mo‘ljallangan yerusti stansiyasi ko‘rsatildi. Stansiyaning diametri 5,5 metr bo‘lib, uni tashqi muhit ta’siridan himoya qiluvchi himoya gumbazi mavjud. Yerusti stansiyasi 2300 km gacha ishlash radiusiga ega bo‘lib, bu o‘z navbatida antenna ishlash radiusida uchuvchi bir nechta sun’iy yo‘ldoshlardan ma’lumotlarni qabul qilish imkonini beradi.
Keyinchalik, sun’iy yo‘ldoshlardan olingan ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha segment namoyish etildi. Ma’lumotlar piksel yig‘ish, sozlash, geo-bog‘lash kabi bir qator ishlov berish bosqichlaridan o‘tadi. Segment so‘rov bo‘yicha ishlov berilmagan tasvirlar yoki tayyor ortofotolar, relyefning va hududning raqamli modeli, va 3D yer modellarini taqdim etishi mumkin. Qabul qilingan ma’lumotlar tahlil segmentiga o‘tkaziladi. Ushbu markaz qishloq, suv xo‘jaligi, o‘rmon xo‘jaligi, ekologiya, geologiya, yerdan foydalanish kabi turli sohalardagi muammolarni hal qilish uchun yerni masofadan zondlash ma’lumotlarini qayta ishlash ko‘nikmalarini namoyish etadi. Shuningdek, geofazoviy razvedka uchun yechimlar ham ko‘rsatildi. Ushbu yechimlar harbiylashtirilgan tuzilmalarning manfaatlarida yerni masofadan zondlash ma’lumotlarini tahlil qilish uchun mo‘ljallangan. 
Shu bilan birga, “Airbus Defence & Space”ning sho‘ba korxonasi “Airbus DS GEO Intelligence” kompaniyasi bosh direktori E. Perez bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holatini muhokama qildilar. Samarqand viloyatida “GeoFerma” loyihasining amaldagi holati haqida ikki tomon hisoboti tinglandi. Keyingi ishlar rejasi, shuningdek, loyihani respublika miqyosida kengaytirish bo‘yicha keyingi qadamlar muhokama qilindi. 
Agentlik O‘zbekiston Respublikasida kosmik texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, jumladan, kosmik monitoring doirasida yerni masofadan zondlash ma’lumotlaridan foydalanish va davlat kosmik monitoringi dasturini amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi hamda “Airbus DS GEO Intelligence” kompaniyasi tomonidan dastur doirasidagi loyihalar doirasida kosmik suratlar bilan ta’minlashga tayyorligi bildirildi. 
Fransiya tomonining taklifi asosida, dastlab, virtual stansiyadan foydalanish orqali yerusti stansiyasini joylashtirish bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazildi. Loyihani amalga oshirishning umumiy muddati barcha texnik hujjatlarni tasdiqlash, o‘rnatish va ishga tushirish, shuningdek, Agentlik mutaxassislarini o‘qitish muddatlarini hisobga olgan holda kamida 2 yilni tashkil etadi. Agentlik qabul qilish stansiyasini kelgusida birgalikda ishlatish imkoniyati orqali xarajatlarni taqsimlashni ko‘rib chiqishni taklif qildi. 
Shuningdek, amaldagi “Airbus DS GEO Intelligence” kompaniyasi sun’iy yo‘ldosh turkumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi manfaatlari uchun Yerni masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshini yaratish imkoniyati muhokama qilindi. Ushbu mexanizm kompaniyaning O‘zbekiston hududidagi barcha turkumlariga eksklyuziv egalik huquqini va potensial O‘zbekiston sun’iy yo‘ldoshidan “Airbus DS GEO Intelligence” kompaniyasi orqali ma’lumotlarni birgalikda sotish imkonini beradi.
Agentlik tomonidan mahalliy mutaxassislarning malakasi va texnik salohiyatini oshirish muhimligini ta’kidladi. “Airbus DS GEO Intelligence”  kompaniyasi Agentlik xodimlari uchun qisqa kurslar o‘tkazish imkoniyatini tasdiqladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston mutasaddi idoralar vakillari ishchi guruhini “Airbus DS GEO Intelligence” kompaniyasiga tashrifini tashkil etish masalasini o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqish imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi.