“O‘zbekkosmos” agentligi hamda “Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi” DUK vakillari Qozog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi

Sana: 12.07.2023

Joriy yilning 11-13 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi bosh direktori Shuxrat Kadirov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Ostona shahrida (Qozog‘iston Respublikasi) bo‘ldi. “O‘zbekkosmos” agentligi hamda “Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi” DUK vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi “Qazaqstan G‘arish Sapari” milliy kompaniyasi” AJ, shuningdek, “G‘alam” kompaniyasida bo‘ldi.

Tashrif chog‘ida O‘zbekiston delegatsiyasiga Maxsus konstruktorlik-texnologik byuroning ish joylari va laboratoriyalari haqida batafsil maʼlumot berildi, Markaz tomonidan Qozog‘istonda masofadan Yerni zondlash kosmik tizimi bilan olib borilayotgan ishlari hamda kosmik apparatlarni yig‘ish va sinovdan o‘tkazish majmuasi faoliyati bilan tanishtirildi.

Shuningdek, uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘iston tomonidan Aerokosmik qo‘mita raisi Oralmagambetov Baubek Jetkergenovich, “Qozog‘iston Garysh Sapary” milliy kompaniyasi” AJ boshqaruvi raisi Aimbetov Aydin Akanovich va kompaniya mutaxassislari ishtirok etdi.

Qozog‘iston vakillari iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yerni masofadan zondlash bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlar, yangi mahsulotlar va ishlanmalar, kosmik texnologiyalarni joriy etish jarayonlari, yuzaga kelayotgan muammolar va ularni hal etish yo‘llari haqida aniq va batafsil so‘zlab berdilar.

O‘z navbatida, O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatimizda turli sohalarda masofadan zondlash tizimini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, natijalar va istiqboldagi rejalar haqida atroflicha to‘xtaldi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha tomonlar doimiy asosda kosmik texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha maslahatlashuv ishlarini olib borish va tajriba almashishlari kelishib olishdi.