“O‘zbekkosmos” agentligi xodimlari “Kosmik texnologiyalar Ijtimoiy va iqtisodiy manfaatlar uchun” seminarida ishtirok etmoqda

Sana: 30.09.2023

29-sentabr kuni Boku shahrida Ozarbayjonning “Azerkosmos” kosmik agentligi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Kosmik ishlar boʻyicha boshqarmasi (UNOOSA) va Xalqaro kosmonavtika federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan “Kosmik texnologiyalar Ijtimoiy va iqtisodiy manfaatlar uchun” seminari oʻz ishini boshladi. Ushbu tadbir 74-Xalqaro Astronavtika Kongressi arafasida o'tkazilmoqda.

Mazkur seminarda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (“O‘zbekkosmos” agentligi) xodimlari ham ishtirok etmoqda.

Seminardan ko‘zlangan maqsad ta’lim, innovatsiyalar va texnologiyalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, bu boradagi hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganishdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, 74-Xalqaro astronavtika kongressi tadbirlari joriy yilning 2-6-oktabr kunlari Ozarbayjon poytaxtida bo‘lib o‘tadi.

Mazkur Kongress ishida O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etadi.