“Azerkosmos” mutaxassislari “Oʻzbekkosmos” agentligi vakillari bilan tajriba almashmoqda

Sana: 03.10.2023

Boku shahrida oʻtkazilayotgan 74-Xalqaro astronavtika kongressi doirasida “Oʻzbekkosmos” agentligi vakillari Ozarbayjon kosmik agentligining Sunʼiy yoʻldoshlarni boshqarish bosh markaziga tashrif buyurishdi.

Tashrif davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi “Azerkosmos” agentligining yer usti va kosmik infratuzilmasi, uning faoliyati va imkoniyatlari, shuningdek kosmik sohada erishgan natijalari bilan yaqindan tanishdi.

Jahon kosmik klubi aʼzosi boʻlgan Ozarbayjon bugungi kunda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalaridagi muhim vazifalarni bajarishda kosmik va geoaxborot texnologiyalarini muvaffaqiyatli qoʻllamoqda, shuningdek mintaqaviy sheriklik va xalqaro hamkorlikni faol rivojlantirmoqda.

“Oʻzbekkosmos” agentligi bilan imzolangan Anglashuv Memorandumiga muvofik, Ozarbayjon tomoni oʻzbekistonlik mutaxassislar uchun dolzarb mavzularda seminar-trening mashgʻulotlarini tashkil etib, turli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha maʼlumot va tajriba almashmoqda.