• Агентство космических исследований и технологий при Кабинете Министров Республики Узбекистан
“O‘zbekkosmos” agentligi delegatsiyasi Farg‘ona viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar holati bilan tanishdi

Sana: 29.05.2024

“O‘zbekkosmos” agentligi direktorining joriy yil 23–24-may kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida viloyat kesimida Agentlik tomonidan 2023-yilda amalga oshirilgan va 2024-yilda bajarilayotgan ishlar taqdimoti o‘tkazildi. 

Shu bilan birga, 2023-yilda geologiya, ekologiya va qishloq xo‘jaligi sohasida davlat kosmik monitoringi orqali aniqlangan holatlarga aniqlik kiritish maqsadida saralab olingan obyektlarga viloyatdagi soha vakillari bilan birgalikda tashrif buyurildi.

Jumladan, Geologiya yo‘nalishi bo‘yicha tanlangan 3 ta konga tashrif buyurildi (“Qurilish obod” XK, “Qapchsgay suv qurilish” MCHJ, “Munojatxon bog‘i” MCHJ).

Tashrif natijasida geologiya sohasida kuzatilayotgan qiyinchiliklar va ushbu qiyinchiliklarni yechimi sifatida Marksheyder ishlarini yo‘lga qo‘yish orqali konlarni monitoring qilish tizimi muhokama qilindi.

Ekologiya yo‘nalishi bo‘yicha “Chimyon” MFY markaziy chiqindixonasi o‘rganildi hamda soha vakillari bilan davlat kosmik monitoringi orqali qanday qilib ushbu sohani monitoringini osonlashtirish mavzusida muhokama olib borildi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida bug‘doy ekilgan hududga borib o‘simlikni NDVI ko‘rsatkichisi orqali vegetatsion darajasi to‘g‘ri tahlil qilinganligiga ishonch hosil qilish maqsadida bug‘doy dalasi o‘rganib chiqildi.

Bundan tashqari, 24-may kuni Farg‘ona viloyati va Farg‘ona shahar hokimligi hamda soha vakillari bilan respublikada davlat kosmik monitoringi yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar va 2023-yilda Farg‘ona viloyatida qilingan ishlar natijalari borasida taqdimot o‘tkazildi.

Unda “O‘zbekkosmos” agentligi direktori Shuxrat Kadirov bugungi kunda Agentlik tomonidan bajarayotgan ishlar va kelajakda qilinishi kutilayotgan loyihalar orqali hokimiyat vakillari bilan birga ishlash va har taraflama ko‘mak berishga tayyorligini ma’lum qildi.

2024-yilda qilinishi kutilayotgan ishlar bo‘yicha hokimlik vakillari bilan birgalikda ishlash mexanizimlarini ishlab chiqish mavzusi borasida muhokamalar olib borildi.