Sana: 16.08.2024
“Oʼzbekkosmos”: Senat tomonidan maʼqullangan qonun qanday ahamiyatga ega?
Xabaringiz bor, 15 avgust kuni Toshkent shahrida Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ellik beshinchi yalpi majlisi boʼlib oʼtdi.
Senat, Hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralarning vakillari ishtirok etgan yigʼilishda koʼplab hujjatlar qatori "Oʼzbekiston Respublikasining davlatlarning kosmik fazoni tadqiq qilish va foydalanish, shu jumladan Oy va boshqa osmon jismlari faoliyat printsiplari toʼgʼrisidagi Shartnomaga qoʼshilishi toʼgʼrisida"gi Qonun loyihasi bir ovozdan maʼqullandi.
Hoʼsh, mazkur Shartnomaga qoʼshilish Oʼzbekistonning kosmik faoliyat uchun qanday imkoniyatlarni yaratadi?
“Oʼzbekkosmos” agentligi ushbu Qonunning mazmun – mohiyati haqida quyidagilarni qayd etadi:
АQSh, Buyuk Britaniya va Sovet Ittifoqi tomonidan 1967 yil 27 yanvarda imzolangan va bugungi kunda 114 ta davlat aʼzo boʼlgan mazkur Shartnoma Oʼzbekistonga kosmik fazoni tadqiq qilish va undan foydalanish, kosmosning barcha hududlariga erkin kirish, shuningdek, xalqaro kosmik loyihalarda, resurslar va bilimlar almashinuvida qatnashish imkoniyatini ochib beradi.
Bu kosmik fazoni tadqiq qilish va foydalanishda barcha davlatlar teng huquqli hamkorlikni amalga oshirishini anglatadi. Muhimi Shartnoma doirasida mamlakatlar kosmik loyihalarda oʼz resurslarini birlashtirgan holda birgalikda ishlashlari mumkin boʼladi.
Shuningdek, ushbu Shartnomaga aʼzo davlatlar doirasida Shartnomaga aʼzo bir davlatning kosmik obʼekti (sunʼiy yoʼldosh, raketa va boshqalar) boshqa davlatga qulashi oqibatida yetkazilgan zarar qoplab berilishi, kosmik obʼektlari yoki kosmonavtlariga baxtsiz hodisa va majburiy qoʼnish holatlarida yordam koʼrsatilishi belgilangan.
Bir soʼz bilan aytganda, mazkur Shartnomaga qoʼshilish mamlakatimiz uchun kosmik sohada faoliyat yurituvchi davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini oʼrnatishga hamda texnologiyalar transferini jadallashtirishga yordam beradi.
Eng asosiysi, Qonun loyihasining qabul qilinishi Oʼzbekistonning boshqa xalqaro shartnomalar boʼyicha majburiyatlarini buzmaydi.
“Oʼzbekkosmos” agentligi Аxborot xizmati!