Sana: 18.08.2024
“Oʼzbekkosmos” agentligi yangi qonun muhokamasi boʼyicha matbuot anjumani oʼtkazdi!
Joriy yilning 15 avgust kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasi huzuridagi Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi, Kadastr va Oʼzbekkosmos agentliklari hamkorligida press – anjuman boʼlib oʼtdi. Unda jurnalist va blogerlarga “Oʼzboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga boʼlgan huquqlarni eʼtirof etish toʼgʼrisida”gi qonunning mazmun – mohiyati, ishlash tartibi va mexanizmlarini tushuntirishdi. Matbuot anjumanida “Oʼzbekkosmos” vakillari ham ishtirok etib, mazkur hujjat bilan agentlikka yuklanayotgan vazifalar haqida maʼlumot berishdi:
“- Xususan, fuqarolar tomonidan 2018 yil 1 mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali oʼzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga boʼlgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʼlgan mulk huquqini eʼtirof etishda, egallab olingan yer uchastkasining kosmik monitoring tahlillarini olib borib, hujjatda keltirilgan davrga mos yoki mos emasligi aniqlanadi.
Shuningdek, agentlik qonunning 7-moddasiga muvofiq tuman (shahar) hokimlarining yer uchastkasi ajratish toʼgʼrisidagi qarorlarini tasdiqlash masalasi koʼrib chiqilmagan hollarda yer uchastkasiga boʼlgan ijara huquqini hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʼlgan mulk huquqini eʼtirof etish uchun ham kosmik monitoring tahlillarini olib boradi.
Bundan tashqari, 2020 yil 9 martga qadar kichik sanoat zonalari hududlariga joylashtirilgan tadbirkorlik subʼektlarining mazkur kichik sanoat zonasi hududida oʼz mablagʼlari hisobidan qurilgan (bundan mavjud binoni qayta qurish, rekonstruktsiya qilish mustasno) yashash uchun moʼljallanmagan binolar va inshootlar yoki ularning qismlari joylashgan yer uchastkasiga boʼlgan ijara huquqini eʼtirof etish uchun “Oʼzbekkosmos” agentligi kosmik monitoring tahlillarini olib boradi.
Eng asosiysi Qonunning 25-moddasiga muvofiq, yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʼlgan huquqlarni eʼtirof etish chogʼida davlat nazoratini amalga oshirishda Oʼzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlardan foydalaniladi".
To'liq video - aoka.uz
“Oʼzbekkosmos” agentligi Аxborot xizmati!