Sana: 11.09.2024
“O’zbekkosmos” agentligi AQSH Geologiya xizmati bilan qo’shma loyihalarni muhokama qildi!
Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirib kelayotgan “O’zbekkosmos” agentligi vakillari qariyb 1,5 asrdan buyon faoliyat olib borayotgan AQSH Geologiya xizmati (USGS) mutaxassislari bilan uchrashishdi.
Muloqot davomida asosiy e’tibor geologiya, suv resurslarini boshqarish, qishloq xo’jaligi kabi qator yo’nalishlarda kosmik suratlarni tahlil qilish bo’yicha qo’shma loyihalarni amalga oshirish, bu borada o’zaro tajriba almashish va kadrlar malakasini oshirish singari masalalarga qaratildi.
Qayd etish lozim, “O’zbekkosmos” agentligi “USGS” bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini yo’lga qo’ygan bo‘lib, tomonlar o‘rtasidagi dastlabki uchrashuv 2024 yilning aprel oyida o‘tkazilgan edi.
Ma’lumot uchun:
1879 – yildan buyon AQSHning Virjina shtatida faoliyat olib borayotgan mazkur agentlik asosan geologik kosmik tasvirlarni tahlil qilish hamda yerni ilmiy tarzda o’rganish bilan shug’ullanadi. Shuningdek, “USGS” “Landsat” turkumiga mansub sun’iy yo’ldoshlarni nazorat qilib boshqaradi. Yana ham batafsilroq ma’lumotlarni mazkur havola orqali olishingiz mumkin (https://www.usgs.gov/)
“O’zbekkosmos” agentligi Axborot xizmati.