• Агентство космических исследований и технологий при Кабинете Министров Республики Узбекистан
MDH Davlatlararo kosmik kengashining beshinchi yigʼilishi

Sana: 19.09.2024

MDH Davlatlararo kosmik kengashining beshinchi yigʼilishi bo'lib o'tdi!

Xabaringiz bor, joriy yilning 17-20 sentyabrь kunlari mamlakatimizda IT yoʼnalishidagi eng yirik loyiha hisoblangan “ICT WEEK UZBEKISTAN – 2024” haftaligi boʼlib oʼtmoqda. Uning doirasidagi nufuzli tadbirlar qatorida 19 sentyabr kuni Kosmik tadqiqotlar va texonolagiyalar agentligi “Oʼzbekkosmos” tashabbusi bilan MDH Davlatlararo kosmik kengashining beshinchi yigʼilishi ham tashkil etildi. Unda Rossiya Federatsiyasining “Roskosmos” Davlat korporatsiyasi vakillari, Belarus va Tojikiston Respublikalarining milliy fanlar akademiyasi Аerokosmik faoliyati ekspertlari, Qozogʼiston Respublikasining Аerokosmik qoʼmitasi rahbariyati va Аrmaniston Respublikasining kosmik sohadagi mutaxassislari ishtirok etishmoqda. 

Kun tartibiga qoʼyilgan asosiy masalalar bu MDHning 2030 yilgacha boʼlgan iqtisodiy rivojlanish strategiyasining ikkinchi bosqichini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, kosmik mahsulotlar va xizmatlarni taqdim etish, ulardan foydalanish boʼyicha davlatlararo hamkorlik dasturlarini bajarish, iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi dolzarb muammolarni hal qilish uchun yerni masofadan turib zondlash boʼyicha axborot almashish, shuningdek, bu yoʼnalishda qoʼshma loyihalarni amalga oshirish va boshqalardir. 

Shuningdek, spikerlar MDH Davlatlarining kosmik yoʼnalishdagi faolligini yanada oshirish, birgalikda izlanish va tadqiqotlar olib borish, “Raqamli yer” dasturi asosida xizmatlarni ishlab chiqish, 2030 yilgacha kosmik mahsulotlar va xizmatlardan foydalanish boʼyicha Davlatlararo dasturni ishlab chiqish, yerni masofadan turib zondlash borasidagi faoliyatni standartlashtirish, MDHga aʼzo davlatlar oʼrtasida “Glonass” tizimi signallaridan foydalangan holda yer usti infratuzilmalarini integratsiyalash boʼyicha hamkorlikni kuchaytirish kabi koʼplab loyihalar boʼyicha taqdimotlari bilan ishtirok etishdi.

Qoʼshimcha qilish kerak, MDH Davlatlararo kosmik kengashi fazoni tadqiq qilish va undan foydalanish boʼyicha davlatlararo dasturlarni shakllantirish hamda amalga oshirish boʼyicha muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi. U oʼz faoliyati doirasida sohadagi hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirish, davlatlararo dasturlar va loyihalarni ishlab chiqish yuzasidan takliflar tayyorlash, ekspert-mutaxassislar darajasida xalqaro hamkorlik boʼyicha muzokaralar oʼtkazish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash hamda mutaxassislarning malakasini oshirishga qaratilgan ishlarni amalga oshirish kabi funktsiya va vazifalarni bajaradi. Bugungi kunda Kengashga Rossiya Federatsiyasi, Belarus Respublikasi, Аrmaniston Respublikasi, Qozogʼiston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Oʼzbekiston Respublikasi aʼzodir. 

Taʼkidlash lozim, oʼtgan yilgi MDH Davlatlararo kosmik kengashining toʼrtinchi yigʼilishiga Tojikiston Respublikasi Raislik qilgan edi. Uchrashuv 2023 yilning 21 – 22 sentyabr kunlari Dushanbe shahrida boʼlib oʼtgan. Bu yilgi yigʼilish Raisligi esa tomonlar roziligi bilan rasman Oʼzbekistonga topshirildi. Bu safargi uchrashuvda ham kosmik soha vakillari belgilangan vazifalar ijrosi hamda kelgusidagi strategik rejalar xususida muhokama olib borishdi. 

“Oʼzbekkosmos” agentligi Аxborot xizmati.