• Агентство космических исследований и технологий при Кабинете Министров Республики Узбекистан
Senatorlar “Kosmik faoliyat to‘g‘risida”gi Qonunni maʼqullashdi!

Sana: 20.12.2024

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining navbatdagi yalpi majlisida “Kosmik faoliyat to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Mazkur hujjat bilan Vazirlar Mahkamasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi va uning huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi hamda Mudofaa vazirligining kosmik faoliyat sohasidagi vakolatlari belgilandi. Iqtisodiyot tarmoqlaridagi qonunchilik buzilishi hollarini kosmik suratlarga ishlov berish orqali aniqlashga ko‘maklashish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanligi nazarda tutildi.

Shuningdek, kosmik sohada ilmiy tadqiqotlar olib borish, kosmik tizimlarning turlari yaʼni yerni masofadan zondlash, davlat kosmik monitoringi, kosmik aloqa tizimi, yuqori aniqlikdagi sunʼiy yo‘ldosh navigatsiya tizimi, kosmik raketa komplekslaridan (kosmodromlardan) foydalanish, kosmik obyektlarni tamg‘alash, ijaraga berish, kosmik obyektlarni va texnika vositalarini utilizatsiya qilish, kosmik infratuzilma va faoliyat xavfsizligi, faoliyatni moliyalashtirish asoslari hamda xalqaro hamkorlik masalalari nazarda tutilgan.

Qonunda ilm-fan, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologiya, mudofaa, xavfsizlik va boshqa sohalarga oid maqsadlarga erishish uchun kosmik texnologiyalar vositasida kosmik fazoni va Yerni tadqiq etish hamda ulardan foydalanish, shuningdek, kosmik faoliyatning atrof-muhit, tabiiy resurslar va aholi sog‘lig‘iga taʼsirini nazorat qilish kabi masalalarga alohida eʼtibor berilgan. Shu bilan birga kosmik faoliyat sohasidagi strategik yo‘nalishlar hamda davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, iqtisodiyot tarmoqlaridagi qonunchilik buzilishi hollarini kosmik suratlarga ishlov berish orqali aniqlashga ko‘maklashish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanligi nazarda tutilgan.

Senatorlar tomonidan taʼkidlanganidek, qonunning qabul qilinishi natijasida kosmik faoliyat sohasi tartibga solinib, masʼul organlar, ularning vakolatlari va vazifalarini aniq belgilanadi, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni oldini olish, atrof-muhitni muhofaza qilish, mudofaa va xavfsizlikni taʼminlashda kosmik faoliyatni amalga oshirishning huquqiy kafolati yaratiladi.

Shu bilan birga, bu mamlakatimizda barcha sohalarda, jumladan, yer munosabatlari, geologiya, seysmik xavfsizlik, transport, qishloq, o‘rmon, suv va yo‘l xo‘jaligi sohalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritish imkonini beradi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.