Sana: 16.01.2025
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2019-yildan buyon O‘zbekistonning kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida faoliyat olib borayotgan “O‘zbekkosmos” agentligi o‘tgan 2024-yilda ham ko‘plab samarali ishlarni amalga oshirdi.
Aerokosmik texnologiyalarni qo‘llagan holda olib borilayotgan Davlat kosmik monitoringi tizimi orqali ekologiya, geologiya, qishloq xo‘jaligi, yer munosabatlari, suv xoʼjaligi va oʼrmon xo‘jaligi kabi sohalar tahlil qilinib, 100 mingdan ortiq ehtimoli yuqori bo‘lgan qonunbuzilish holatlarni aniqladi.
Xususan, agentlik muassisligidagi Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi tomonidan yer munosabatlari yo‘nalishida butun respublika kesimida 96 ming 312 ta qariyb 9 ming 200 gektar ehtimoli yuqori bo‘lgan o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino-inshootlar mavjudligi aniqlangan.
Shuningdek, kosmik suratlarni qayta ishlash natijasida geologiya yo‘nalishida respublika bo‘yicha 2 ming 426 ta noqonuniy karyer, qazib olish ishlari olib borilayotgan 2 543 gektar maydon aniqlandi. Shundan 1 ming 433 tasi yaʼni 1 442 gektari ruxsatnomasiz qazish holatlariga, 390 tasi 440,5 gektari chegara buzilishi hamda shartnoma asosida berilgan loyiha konturidan chetga chiqish holatlariga va 603 tasi 660,3 gektari daryo muhofaza zonalarida noqonuniy qazish holatlariga to‘gʼri kelmoqda.
Qolaversa, Davlat kosmik monitoringgi doirasida ekologiya yo‘nalishi bo‘yicha 12 ta hududning qariyb 721 gektar maydonida 1 ming 928 ta noqonuniy chiqindixona mavjud ekanligi aniqlandi. Ulardan 123 tasi yaʼni 255,5 gektari chiqindi saqlash poligonlari chegarasidan tashqariga chiqish, 1 805 tasi 465,3 gektari esa noqonuniy chiqindi poligonlari sifatida qayd etildi.
Аhamiyatlisi, bu kabi noqonuniy chiqindi poligonlarining tashkil etilishi avvalo atrof muhit va ekologiyaga katta salbiy taʼsir o‘tkazib, tuproq, suv va havo sifatining buzilishiga olib keladi. Qolaversa, zararli hasharotlar koʼpayishi, infektsion kasalliklarning ortishi, insonlarda o‘pka saratoni va nafas olish nuqsonlarining rivojlanishiga sabab boʼladi.
Shuningdek, “O‘zbekkosmos” agentligi atrof muhit hamda yer unumdorligiga yetkazilayotgan zararlarni aniqlash va oldini olish maqsadida kosmik monitoring orqali Surxondaryo, Toshkent, Аndijon, Jizzax, Namangan, Samarqand, Fargʼona, Qashqadaryoda 2024-yilning iyun-iyul oylarida boshoqli don ekinlaridan bo‘shagan 31 ming 483,2 gektar maydonda somon poyalari va qoldiqlari yonishi bilan bogʼliq jami 2 ming 266 ta holatni aniqladi.
Muhim yo‘nalishlardan yana biri bu qishloq xo‘jaligi hisoblanadi. 2024-yilda bu borada Fargʼona, Аndijon, Namangan, Toshkent, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo kesimida olib borilgan kosmik monitoringga koʼra 967 ming gektar bugʼdoy hamda 597 ming gektar paxta unib chiqqan maydonlar qayd etildi.
Shu bilan birga unumdor yerlaridan samarali foydalanishni nazorat qilish maqsadida yuqoridagi 8 ta viloyat kesimida yanvar-oktabr oylari davomida 56 ming 521 gektar foydalanilmay yotgan ekin maydonlari mavjud ekanligi qayd etildi. Qolaversa, monitoring davomida 8 ta viloyat kesimida jami 86 ming 107 gektar zaxira yerlaridan foydalanish bilan bogʼliq 27 ming 266 ta holat ham aniqlandi.
Shuningdek, 2024-yil davomida o‘rmon xoʼjaligi sohasida olib borilgan kosmik monitoring tahlillari quyidagicha natijalarni keltirdi. Xususan, Аndijon, Fargʼona, Namangan, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Surxondaryoda jami 671 ming 860 gektar daraxt qoplami hamda viloyatlarning o‘rmon xo‘jaligi yerlarida 391 ming 192 gektar o‘rmon qoplami mavjudligi aniqlandi.
Davlat kosmik monitoringining so‘nggi va eng muhim yoʼnalishi bu albatta suv xo‘jaligi hisoblanadi. 2024-yilda 35 ta suv ombori kesimida suv omborlarining loyqa oqiziqlar bilan toʼlib borish dinamikasi va suv sathi rejimini monitoring qilish hamda suvni muhofaza qilish zonalarida noqonuniy bino va inshootlar qurilish holatlarini aniqlash ishlari amalga oshirildi. Unga ko‘ra, 35 ta suv ombori kesimida kosmik monitoring o‘tkazilib, ularning muhofaza zonalarida jami 122 ta 6,76 gektar ehtimoli yuqori bo‘lgan o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino inshootlar aniqlandi.
“O‘zbekkosmos”ning 2024-yil davomidagi faoliyati ko‘plab yorqin voqealar va hodisalar, yangiliklar, tarixiy qarorlar va o‘zgarishlarga ham boy boʼldi. Yaʼni bevosita agentlik faoliyatiga taalluqli 1 ta Qonun, 1ta Farmon va Hukumatning tegishli qarori qabul qilindi. Shuningdek, yana bir Qonun Senatorlar tomonidan tasdiqlandi.
Xususan, АQSh, Buyuk Britaniya va Sovet Ittifoqi tomonidan 1967-yil 27-yanvarda imzolangan “Kosmik fazo, shu jumladan Oyni va boshqa samoviy jismlarni tadqiq qilish hamda ulardan foydalanish boʼyicha davlatlarning faoliyati printsiplari to‘gʼrisida”gi shartnomaga O‘zbekiston 115chi davlat sifatida qoʼshildi. Bu qonunning qabul qilinishi mamlakatimiz uchun kosmik fazoni tadqiq qilish va undan foydalanish, kosmosning barcha hududlariga erkin kirish, shuningdek, xalqaro kosmik loyihalarda, resurslar va bilimlar almashinuvida qatnashish imkoniyatini ochib berdi.
Muhim hujjatlardan yana biri bu senatorlar tomonidan maʼqullangan “Kosmik faoliyat to‘gʼrisida”gi Qonun boʼldi. U orqali Vazirlar Mahkamasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi va uning huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi hamda Mudofaa vazirligining kosmik faoliyat sohasidagi vakolatlari belgilandi. Iqtisodiyot tarmoqlaridagi qonunchilik buzilishi hollarini kosmik suratlarga ishlov berish orqali aniqlashga ko‘maklashish davlat siyosatining asosiy yoʼnalishlaridan biri ekanligi nazarda tutildi.
Shu bilan birga 2024-yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan joriy etilgan Davlat kosmik monitoringi tizimini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga xizmat qiluvchi “2024 — 2026 yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘gʼrisida”gi maxsus Farmon ham imzolandi.
Bu orqali davlat kosmik monitoringining ustuvor yo‘nalishlari va dasturi belgilandi. Jumladan, yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi va bunday yer uchastkalarida bino va inshootlar qurilishi holatlarini aniqlash, o‘rmon bilan qoplangan maydonlarning chegaralarini belgilash va ularning holatini monitoring qilish, geologiya sohasida yer qaʼridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, foydali qazilmalar joylashgan maydonlardan asossiz ravishda va boshqa maqsadlarda foydalanish holatlarini aniqlash, mavjud chiqindilarni saqlash joylarida belgilangan hududdan tashqariga chiqish holatlarini, yangi paydo bo‘lgan noqonuniy chiqindi zonalarini aniqlash, suv omborlarining loyqa oqiziqlar bilan to‘lib borishini, suv sathi rejimini monitoring qilish va qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanilishini o‘rganish, ekinlarning turlari hamda suv isteʼmoli hajmlarini aniqlash kabi vazifalar yuklatildi.
Qolaversa, 2024-yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Suv omborlari toʼgʼonlarining zilzilabardoshligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tizimini joriy etish to‘gʼrisida"gi qarori ham qabul qilindi. U bilan suv omborlari to‘gʼonlarining zilzilabardoshliligini doimiy radiolokatsion kosmik monitoring qilish tizimi joriy etiladigan boʼldi. Yaʼni, "damba"larning siljish va cho‘kish dinamikasi “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan kosmik nazoratga olinadi. Аmalga oshirilgan monitoring natijalari “Suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni amalga oshirish” elektron platformasiga integratsiya qilinadi.
Bundan tashqari, 2024-yil davomida “O‘zbekkosmos” agentligi vakillari koʼplab yirik anjuman va sammitlar, ko‘rgazma hamda kongresslarda ham ishtirok etib, manfaatli kelishuvlarga erishishdi. Xususan, Xitoy Fanlar akademiyasi huzuridagi Aerkosmik axborot tadqiqot instituti, “Geotwo” korxonasi, Yaponiyaning “Synspective”, “iSpace” kompaniyalari, “Kyushu” texnologiya instituti, Markaziy Osiyo Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi komissiyasining Ilmiy axborot markazi, Ozarbayjon kosmik agentligi va Turkiya Respublikasi Sanoat va texnologiyalar vazirligi kabi qator hamkorlar bilan anglashuv va kelishuv memorandumlari hamda bitimlar imzolandi.
Qolaversa, eng muhim tadbirlardan yana biri bu Toshkentda oʼtgan MDH Davlatlararo kosmik kengashining beshinchi yigʼilishi boʼldi. Unda Rossiya Federatsiyasining “Roskosmos” Davlat korporatsiyasi vakillari, Belarus va Tojikiston Respublikalarining milliy fanlar akademiyasi Аerokosmik faoliyati ekspertlari, Qozogʼiston Respublikasining Аerokosmik qo‘mitasi rahbariyati va Аrmaniston Respublikasining kosmik sohadagi mutaxassislari ishtirok etishdi.
Shu bilan birga, agentlik vakillari Vena shahrida bo‘lib oʼtgan BMT Kosmik fazodan tinchlik maqsadlarida foydalanish bo‘yicha qo‘mitasining 67-yigʼilishida, Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahrida, АQShda o‘tgan “Esri Developer Summit — 2024” va “Satellite – 2024” konferensiyalarida, Ostona va Аnqara shaharlarida o‘tgan
Turkiy davlatlarning kosmik tashkilotlari vakillarining yigʼilishida, Italiyaning
Milan shahrida o‘tgan 75–Xalqaro astronavtika kongressida, Xitoyning Deqing, Tailandning Bangkok, Indoneziyaning Jakarta shaharlarida o‘tgan seminarlarda ham ishtirok etishdi.
2024-yilda shuningdek “O‘zbekkosmos” agentligi ilk bora O‘zbekistonda “Butunjahon kosmos haftaligi”gini oʼtkazdi. Uning doirasida ko‘plab yirik loyihalar, xususan, “Tashkent city mall” savdo – ko‘ngilochar markazida kosmos tarixiga bagʼishlangan maxsus ko‘rgazma, bolajonlar uchun majmuadagi “Sky Park” tomonidan turli interaktiv shou o‘yinlar, tanlov va viktorinalar, butun Respublika bo‘yicha umumtaʼlim maktablari, akademik litsey va universitetlarda “Butunjahon kosmos haftaligi” mavzusiga bagʼishlangan ochiq darslar, suhbatlar, taqdimotlar va boshqa qator loyihalar amalga oshirildi.
“O‘zbekkosmos” agentligi 2024-yil davomida kosmik taʼlim va kadrlar malakasini oshirish yo‘nalishida ham samarali ishlarni amalga oshirdi. Jumladan, Toshkent shahridagi INHА universitetida maxsus “O‘quv – laboratoriya markazi” tashkil etildi. Qolaversa, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti va PDP Universiteti bilan kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar, innovatsiyalar va startaplar sohasida hamkorlik qilish maqsadida o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi.
Yana bir ahamiyatli jihati shundaki “O‘zbekkosmos” agentligi ko‘magida 2024-yil davomida 10 nafar yoshlar “El-yurt umidi” jamgʼarmasi stipendianti sifatida Buyuk Britaniya va АQShdagi oliygohlarga bakalavr hamda magistratura yo‘nalishlarida taxsil olish uchun yuborildi.
Yoshlarning kosmonavtika va muhandislikka bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida “O‘zbekkosmos” agentligi joriy yilda 10 nafar iqtidorli maktab o‘quvchilarini Turkiyaning Bursa shahridagi “GUHEM” kosmik va aviatsiya markaziga yubordi. U yerda yoshlar 150 dan ziyod interfaol mashgʼulotlarda ishtirok etib, simulyatsion kosmik sun’iy yo‘ldoshlar, aviatsiya tizimlari bilan yaqindan tanishishdi.
Shu bilan birga, butunjahon kosmos haftaligi doirasida “O‘zbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2024” hakaton tadbiri ham o‘tkazildi. Unda 200 nafarga yaqin yoshlar 40 dan ortiq jamoalarga bo‘lingan holda “NАSА” tomonidan berilgan dolzarb 30 ta mavzu bo‘yicha o‘zlarining yechim va kreativ loyihalarini ishlab chiqishdi. Qayd etish lozim, “NASA Space Apps Challenge” tanlovida har yili dunyoning 160 dan ortiq davlatlaridan 180 mingdan ziyod yoshlar qatnashishadi.
Bundan tashqari, 2024-yilda Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani “Yangi hayot” aerodromida OTM talabalari hamda maktab o‘quvchilari ishtirokida “CanSat” loyihasi amalga oshirildi. Ya’ni, yig’ilgan 120 nafar yosh ixtirochilar o’zlari ishlab chiqqan mini sun’iy yoʼldoshlarni dron yordamida 200 va 500 metr balandlikkacha uchirishdi.
Аynan yoshlarning kosmos sohasiga bo‘lgan qiziqish va bilimlarini oshirish maqsadida “Аloqa tarixi muzeyi”da O‘zbekkosmos agentligi tashabbusi bilan maxsus ekspozitsiya ochildi.