Sana: 10.04.2025
Har yili aprel oyining ikkinchi o‘n kunligida dunyo sivilizatsiyasi tarixidagi eng muhim voqealardan biri, insoniyat tomonidan kosmosni o‘zlashtirish erasining boshlanishi va XX asrning kashfiyoti deya ta’riflanuvchi “Xalqaro kosmonavtika kuni” keng nishonlanadi. Ya’ni, 1961-yil 12-aprel sanasida sayyoramizning birinchi kosmonavti, afsonaviy harbiy uchuvchi Yuriy Alekseyevich Gagarin ilk bora “Vostok” nomli kosmik kemada Qozog‘iston hududida joylashgan “Boyqo‘ng‘ir” kosmodromidan 108 daqiqa davom etgan yer shari atrofidagi orbital parvozini amalga oshirgan.
Mazkur tarixiy voqea kosmik tadqiqotlar sohasida katta imkoniyatlarni ochib berdi. 1962-yildan boshlab bu sana kosmonavtika kuni sifatida keng nishonlanadigan bo‘ldi. Ahamiyatlisi, 2011-yilning 7-aprelidagi BMT rezolyutsiyasi orqali esa tashkilot Bosh assambleyasi 12-aprelni xalqaro kosmonavtika bayrami sifatida nishonlash haqidagi qarorni qabul qildi.
Qolaversa, olimlar ayni shu sanani fazoni o‘zlashtirish bo‘yicha AQSHning Space Shuttle shatllar parvozi loyihasi ham amalga oshgani bilan bog‘lashadi. Ta’kidlanishicha, Jon Kennedi nomli kosmik parvozlar markazidan start olgan kosmik kema ikki kun va olti soatdan sal ko‘p vaqt mobaynida ochiq fazoda uchgan va yana Edvards harbiy bazasiga qaytib kelib qo‘ngan. Shu voqealar sabab jahon maydonida kosmik tadqiqotlar jadal sur’atlar bilan rivojlanib bordi va kosmonavtika – fan va amaliy faoliyat sohalarining o‘ziga xos sinteziga aylandi. Ya’ni, kosmik tadqiqotlar koinot, yer, sayyoralarning kelib chiqishi kabi bilimlarni rivojlantirish uchun ulkan nazariy va eksperimental ma’lumotlar berdi.
Kosmos - tibbiyot, biologiya, materialshunoslik, sayyoralar atmosferasi va qa’ri kimyosi, astrogeologiya va boshqa ko‘plab ilmiy fanlar majmuasi yaratilishiga sabab bo‘ldi. Kosmik tadqiqotlar asosida bir qator ilmiy va amaliy sohalar va texnologiyalar shakllandi. Masalan, yerni masofadan turib zondlash va sun’iy yo‘ldosh navigatsiyasi, dunyo axborot resurslariga ulanish, raqamli eshittirish, aloqa, kuzatuv xizmatlarining jadallashishi, sun’iy yo‘ldosh mobil telefoniyasi, internet va ma’lumotlarni onlayn uzatish imkoniyatlari yaratildi.
Xalqaro kosmonavtika kuni mamlakatimizda ham har yili keng nishonlanadi. Sababi, O‘zbekiston uchun bu soha begona emas. Xususan, Qozog‘istondagi “Boyqo‘ng‘ir” kosmodromi qurilishida o‘zbeklar faol ishtirok etishgan. U erga bizning aloqachilarimiz, quruvchilarimiz va boshqa mutaxassislarimiz yuborilgan.
VLADIMIR ALEKSANDROVICH DJANIBEKOV
Qayd etish lozim, fazoni tadqiq etishda O‘zbekiston kosmonavtlarining ham ishtiroki salmoqli bo‘lgan. O‘zbekistonda tug‘ilgan sovet kosmonavti, aviatsiya general-mayori, Sovet ittifoqining ikki karra qahramoni va kema komandiri sifatida 5 marotaba kosmik parvozni amalga oshirgan eng tajribali uchuvchi – kosmonavt Vladimir Aleksandrovich Djanibekov bizning vatandoshimizdir. U koinotda 145 kun 15 soat-u 58 daqiqani muvaffaqiyatli o‘tkazgan. Xattoki, Djanibekov nomi bilan 3170-sonli kichik sayyora ham nomlangan.
SOLIJON SHOKIROVICH SHARIPOV
Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasi va Qirg‘iziston Qahramoni, O‘zbekiston Respublikasining “Buyuk xizmatlari uchun” va “Amir Temur” ordenlari sovrindori, dunyoning 372-, Rossiyaning 88- va birinchi o‘zbek kosmonavti Solijon Shokirovich Sharipovni ham aytib o‘tish lozim. U 1998-yilda SpaceShuttleIndevor kosmik kema komandiri sifatida ilk parvozni amalga oshirgan va umumiy hisobda 10 soat davomida ochiq koinotda bo‘lgan.
O‘ZBEKISTONDAGI KOSMIK SANOATGA XIZMAT QILGAN ZAVOD VA TASHKILOTLAR
Ulardan biri TAPOiCh nomi ostidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi edi. 1977-yildan 1987-yilgacha zavodda kosmonavtlarni vaznsizlik sharoitida sinab ko‘rish uchun bir nechta IL-76 MDK laboratoriya samolyotlari qurilgan. Ushbu samolyotlarda yuzdan ortiq sovet, rus va xorijiy kosmonavtlar tayyorlangan. Zavodga ko‘plab astronavtlar tashrif buyurishgan, ular samolyotlarni loyihalash va qurish bo‘yicha maslahat berishgan.
TOSHKENT MASHINASOZLIK KONSTRUKTORLIK BYUROSI
1978-yilda Moskva bosh mashinasozlik konstruktorlik byurosining Toshkentdagi filiali ham rasman ochilgan. Byuro Oy va Venerani tadqiq qilish, kosmik mahsulot larni (shu jumladan diametri 30 metrgacha bo‘lgan antennalarni) ishlab chiqish, tayyorlash, sinovdan o‘tkazish, to‘liq o‘lchamli standart namunalarni yig‘ish va sinovdan o‘tkazish uchun asboblar va jihozlarni ishlab chiqish bilan shug‘ullangan.
“KOMPOZIT” TAJRIBA-SINOV ZAVODI
1981-yilda Chirchiqda ToshKBM filiali – «Kompozit» tajriba-sinov zavodi tashkil etilgan. U kompozit materiallardan kosmik tuzilmalar uchun noyob qismlar va konstruksiyalarni ishlab chiqarar edi. Zavod kompozitsion shishaplastik va ugleplastik hamda ulardan tayyorlangan mahsulotlar tayyorlagan. Yengil, ammo po‘lat kabi kuchli materiallardan aerokosmik, harbiy va avtomobil sanoatida keng qo‘llanilgan.
TOSHKENT KOSMIK ASBOBSOZLIK ILMIY-TADQIQOT INSTITUTI
1988-yilda Moskva kosmik markazlaridan birining filiali sifatida Toshkent kosmik asbobsozlik ilmiy-tadqiqot instituti (TashNIIKP) ish boshlagan. Oliygoh harbiy koinot yo‘nalishlari bilan shug‘ullangan. Qolaversa, tabiiy resurslarni aniqlash hamda xo‘jalik va ekologik faoliyatni tahlil qilish, qishloq xo‘jaligi ekinlari holatini o‘rganish maqsadida O‘zbekiston hududining sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini qayta ishlash bilan ham shug‘ullangan.
Soha rivoji uchun muhim hisoblangan yana bilan obyekt esa bu “Nevich” yig‘ilish-sinov majmuasi bo‘lgan. 1980-yillarning boshlarida Toshkent viloyatining Parkent tumanida TashKBMning «Nevich» yig‘ilish-sinov poligoni qurilgan. U yerda ko‘p sonli stendlar va mexanik korpuslar, radiotelemetrik va boshqa o‘lchash uskunalari, yig‘ish sexlari va ustaxonalari bo‘lgan noyob eksperimental inshootlar yaratilgan va sinovdan o‘tkazilgan.
“SUFFA” RASADXONASI VA RADIOTELESKOPI
1982-yilda O‘zbekistonda, Jizzax viloyati Zomin tumanidagi Suffa platosida radioastronomiya rasadxonasi qurilishi boshlangan. Uning asosiy obyekti 70 metrli radioteleskop bo‘lib, u millimetr diapazonidagi kosmik nurlanishni ham aniqlay oladigan noyob uskunadir. Shunga o‘xshash vosita faqat San-Diyegoda (AQSH) mavjud bo‘lgan.
“SUFFA” RADIORASADXONASI
Rasadxona koinotda ilmiy tadqiqotlar olib borish va bu boradagi xalqaro dasturlarda hamkorlik qilish uchun qurilgan. SSSR parchalanishi tufayli qurilish muzlatib qo‘yilgan, ammo 2018-yilda u qayta tiklangan va 2024-yilgacha yakunlanishi rejalashtirilgan.
“FIZIKA-QUYOSh” IICHB
Toshkent viloyati Parkent tumanida joylashgan Fanlar akademiyasining «Fizika-Quyosh» IICHBni ham alohida ta’kidlash joiz. Ulkan quyosh pechida sovetlarning ko‘p foydalaniladigan «Buran» orbital kemasining himoya qoplamasiga yuqori haroratga ta’sir ko‘rsatilgan.
“O‘ZBEKKOSMOS” AGENTLIGINING QAYTA TASHKIL ETILISHI
O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillarida “O‘zbekkosmos” nomi ostida kosmik tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi tashkilot tashkil etilgan. Ammo 2002-yilga kelib mazkur agentlik tugatilgan.
Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan O‘zbekiston iqtisodiyotning turli sohalarida innovatsion kosmik texnologiyalardan foydalanish orqali mavjud ilmiy-texnik salohiyatni samarali amalga oshirish maqsadida 2019-yilning 30-avgust kuni “O‘zbekiston Respublikasida kosmik faoliyatni rivojlantirish to‘g‘risida” gi Farmoni imzolandi va unga muvofiq Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tashkil etildi.
Sababi, bugun hayotimizni zamonaviy texnologiyalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Dunyo raqamlashar ekan, ko‘rsatilayotgan xizmatlar ham eng so‘nggi yechimlarni talab etmoqda. Yangi avlod gadjetlari, sun’iy intellekt va dijital navigatsiyalar taraqqiy etgani sari, fazodan foydalanish ehtiyoji yanada ortib bormoqda. Aqlli shahar, aqlli uy, robotlashgan dasturlar kabi unikal konsepsiyalar, mazkur yo‘nalish insoniyat kelajagi uchun muhim ekanligini ko‘rsatadi. Xususan, bugunga kelib jahon bozorida kosmik sohaning iqtisodiy ulushi 500 mlrd. Dollardan oshib tahlilchilar bu raqam 2030-yilga borib 1 trln. dollarga, 2035-yilda esa 2 trln. dollargacha yetishi mumkin deya taxmin qilishyapti.
Bu asosan xususiy tarmoqlar orqali tijoriy ko‘rinishda davlatlar iqtisodiyotining asosiy o‘sish nuqtasi sifatida xizmat qilmoqda. AQSH, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Buyuk Britaniya kabi mamlakatlar, shuningdek Yevropa Ittifoqi bu borada o‘zlarining yangi loyihalari bilan ishtirok etishmoqda. Xattoki, aloqa va internet uchun sun’iy yo‘ldoshlar uchirish, kosmos va sayyoralarni o‘rganish, kosmik turizmni yo‘lga qo‘yish borasida ham xususiy tarmoqdagi kompaniyalar juda faol ishlarni olib bormoqda. Mana masalan ayni vaqtda yer orbitasida taxminan 13 mingga yaqin sun’iy yo‘ldoshlar mavjud bo‘lsa, shulardan 5 mingdan ortig‘i tijoriy kosmik kompaniyalarning hissasiga to‘g‘ri keladi. Kosmos iqtisodiyotning barcha soxalarida ta’siri ortib bormoqda.
“O‘zbekkosmos” agentligi ayni shu tendensiyalardan kelib chiqqan holda kosmosdan yerni masofadan zondlash ma’lumotlarini qo‘llagan holda davlat organlariga masalalarni hal etish samaradorligini oshirish, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish kabi ko‘plab yo‘nalishda ishlarni olib bormoqda. Xususan, kosmik monitoring ishlarini amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash orqali ijtimoiy-iqtisodiy, ilm-fan, mudofaa va xavfsizlik sohalarida kosmik faoliyat natijalaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida Agentlik tizimida “Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi” tashkil etildi. Bugungi kunda agentlik tomonidan Qishloq xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi, Yer munosabatlari (Kadastr), O‘rmon xo‘jaligi, Ekologiya va Geologiya sohalarida Davlat kosmik monitoringini amalga oshirib kelmoqda. Buning natijasida 2024-yilning o‘zida Respublika bo‘yicha 100 mingdan ortiq ehtimoli yuqori bo‘lgan qonunbuzilish holatlarni aniqladi.
Albatta, xalqaro hamkorlik ham bu borada muhim ahamiyatga ega. Bugungi kunda “O‘zbekkosmos” agentligi dunyoning yetakchi kosmik agentliklari va kompaniyalari bilan tajriba, ilg‘or texnologiyalar va bilim almashish yo‘lida hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Kosmosdan tinch maqsadlarda foydalanish qo‘mitasi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va Ijtimoiy Komissiyasi Hukumatlararo Maslahat qo‘mitasining Barqaror rivojlanish uchun kosmik texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha mintaqaviy dasturi, Xalqaro astronavtika federatsiyasi, Turkiy davlatlar tashkiloti, va MDH Davlatlararo kosmik kengashi.
Qolaversa, “O‘zbekkosmos” agentligi Airbus (Fransiya), Maxar (AQSH), SpaceX (AQSH), OneWeb (Buyuk Britaniya), SSI Monaco (Monako), Synspective (Yaponiya), Esri (AQSH), BlackSky (AQSH), SpaceBuzz (AQSH) va boshqalar kabi dunyodagi yetakchi kosmik kompaniyalar bilan hamda Ozarbayjon (Azercosmos), Turkiya (TUA), Birlashgan Arab Amirliklari (BAA kosmik agentligi), Qozog‘iston (Aerokosmik qo‘mita), Fransiya (CNES), AQSH (NASA), Pokiston (SUPARCO) Xitoy (CNSA), Isroil (ISA), Malayziya (MYSA), Tailand (NSTDA), Yaponiya (JAXA), Koreya (KARI) kabi davlatlarning kosmik agentliklari bilan ikki tomonlama hamkorlik qilib kelmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, cheksiz kosmosdan foydalanish insoniyat hayotining yanada rivojlanishi, yangidan – yangi texnologiyalarning joriy etilishi va mavjud muammolar uchun yechim bo‘lishi mumkin.
Yana bir bora 12 aprel “Xalqaro kosmonavtika kuni” munosabati bilan barcha aviatsiya mutaxassislarini, kosmik tadqiqotlar sohasidagi izlanuvchilarni, konstruktor, muhandis va fazogir-uchuvchilarni muborakbod etamiz. Koinotni o‘rganish va o‘zlashtirishdek murakkab ishda muvaffaqiyatlar tilaymiz!