• Агентство космических исследований и технологий при Кабинете Министров Республики Узбекистан
AQSHda Uzcosmos va Koreya aerokosmik administratsiyasi o‘rtasida memorandum imzolandi!

Sana: 17.04.2025

O‘zbekiston iqtisodiyoti rivoji yo‘lida kosmik texnologiyalardan foydalanish va bu borada ilg’or xorijiy tajribani o‘rganish maqsadida Uzcosmos delegatsiyasi AQSH safarida bo’ldi. Tashrif doirasida Koreya Aerokosmik Administratsiyasi bilan ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. 

Unga ko‘ra, tomonlar kosmik ta’lim va tadqiqotlar, zamonaviy texnologiyalar, sun’iy yo‘ldoshlarni ishlab chiqish, yerusti kosmik infratuzilmasini yaratish va rivojlantirish kabi qator yo‘nalishlarda ishlashi belgilandi.   

Qolaversa, uchrashuvda Koreyaning ilg‘or “Contec”, “Satrec Initiative” (SI), “Korea Aerospace Industries” (KAI), “Naraspace” kabi kompaniyalari bilan hamkorlik qilish, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari bilan ishlash, O‘zbekiston va Koreya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida “2+2” va “3+1” formatidagi qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish masalalari ham muhokama etildi. 

Shuningdek, Uzcosmos mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilayotgan sun’iy yo‘ldosh uchun harakatlantiruvchi tizimlarni Koreyaning yetakchi texnologik tashkilotlari bilan maslahatlashuv asosida tayyorlash bo‘yicha ham dastlabki kelishuvlarga erishildi.