Sana: 16.05.2025
Joriy yilning 13–15-may kunlari Tailandning Patumtani shahridagi Osiyo texnologiyalar institutida (AIT) “Markaziy Osiyoda Yerni masofadan zondlash va geofazoviy texnologiyalar orqali qurg‘oqchilik hamda qishloq xo‘jaligi monitoringini rivojlantirish” mavzusida xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.
BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESCAP) tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondan davlat organlari mutaxassislar, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Hindiston, Mongoliya davlatlaridan xalqaro ekspertlar ishtirok etishdi.
Xalqaro seminarda Uzcosmos agentligi Ilm-fan, innovatsiyalar va texnologiyalar transferi bo‘limi boshlig‘i Ismoil Rasulov boshchiligidagi delegatsiya ham qatnashdi va mamlakatdagi qishloq xo‘jaligi yerlarida qurg‘oqchilik va sho‘rlanish holatlarini monitoringi bo‘yicha mavjud muammolar hamda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi.
Seminar doirasida Markaziy Osiyo davlatlari uchun qishloq xo‘jaligi yerlarida qurg‘oqchilikni samarali monitoring qilish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha yangi loyihaga rasman start berildi. Ushbu loyiha doirasida har bir mamlakat uchun “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi, tegishli mutaxassislar malakasi oshiriladi va zamonaviy geofazoviy maʼlumotlardan foydalanish imkoniyatlari kengaytiriladi.
Uzcosmos agentligi ushbu tashabbus doirasida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi yerlarida qurg‘oqchilikni monitoring qilish sohasida ilmiy-texnik salohiyatni mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va kosmik texnologiyalarni amaliyotga joriy etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Jumladan, joriy yilning 20-fevral kuni Toshkentda Uzcosmos agentligi BMT huzuridagi Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESCAP) bilan hamkorlikda “Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari yordamida tuproq sho‘rlanishini aniqlash” loyihasiga start berganini qayd etish lozim. Bu masofaviy zondlash texnologiyalari, ilg‘or geoaxborot tizimi va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish orqali O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi va yer resurslarini boshqarishning barqaror usullariga ko‘maklashib, ma’lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va tarqatishni yaxshilashga imkon yaratadi.
Loyihani amalga oshirish uchun sinov hududi sifatida Jizzax viloyatining Zarbdor va unda tutash tumanlaridagi 90 ta ekin maydonlari tanlab olingan edi. U yerda sun’iy yo’ldoshdan olingan suratlar orqali yerlarning sho’rlanish darajasi o’rganilib, laborator tekshiruvlar uchun nusxa olinishi va chuqur tekshirilishi reja qilingan.
Bu orqali yaqin yillar davomida mamlakatdagi eng sho‘rlangan yerlarning aniq statistikasini yuritish, qishloq xo‘jaligi uchun hosildor maydonlarni aniqlab berish, fermerlar uchun ekin maydonlarining holati bo‘yicha to‘liq ma’lumot taqdim etish mumkin bo‘ladi. Natijada esa qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish borasida resurs va xomashyolarni to‘g’ri taqsimlash, yerlarning sho‘rlanish darajasi va joyning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda agrotexnik choralarni ko‘rish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Uzcosmos agentligi Axborot xizmati.