Ikkinchi “Space Technology Conference STC-2023” xalqaro kosmik konferensiyasi

2023-yil 26-27-may kunlari “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan Britaniyaning Dialogue Events Ltd kompaniyasi bilan birgalikda Toshkentda ikkinchi “Space Technology Conference STC-2023” xalqaro kosmik konferensiyasi o‘tkazildi.

Shuningdek, konferensiya doirasida 2023 yilning 25 aprel kuni Turkiy davlatlar tashkiloti kosmik agentliklari va idoralari rahbarlarining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur xalqaro konferensiyada 7 ta xorijiy davlat kosmik agentliklari va tegishli idoralarining rahbar va mutaxassislari, 30 ga yaqin vazirlik va idoralar (Raqamli texnologiyalar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi,  Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, va boshqalar) rahbar va bo‘linma boshliqlari darajasida ishtirokchilar, 50 dan ortiq yetakchi xorijiy kosmik kompaniya va tashkilotlardan 200 ga yaqin xorijiy ekspertlar ishtirok etishdi.

Konferensiya “Markaziy Yevroosiyoda kosmik texnologiyalarni ijtimoiy-iqtisodiy barqaror rivojlanish uchun qo‘llash”, “Mintaqaviy hamkorlik, xalqaro investitsiyalar va kosmik sanoatni barqaror rivojlantirish”, “Yerni kosmosdan kuzatish”, “Yangi kosmik texnologiyalar”, “Sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari, ilovalari va xizmatlari, “GIS”ning davlatning raqamli rivojlanishidagi o‘rni”, “Muloqat – barqaror ijtimoiy-iqtisodiy omil” kabi mavzularga bag‘ishlangan sessiyalarni qamrab oldi.

Shu bilan birga, konferensiya doirasida 30 ga yaqin xorijiy tashkilot va kompaniyalar, shu jumladan, Qozog‘iston Respublikasi Raqamli rivojlanish, innovatsiya va aerokosmik sanoatni rivojlantirish vazirligining Aerokosmik qo‘mitasi, Turkiya kosmik agentligi (TUA), BAA kosmik agentligi, Ozarbayjon kosmik agentligi (Azercosmos), “Maxar Technologies” (AQSh), “Airbus DS” (Fransiya), “Planet Labs” (AQSh), “BlackSky” (AQSh), Axiom Space (AQSh), “Eutelsat” (Fransiya), “SSI Monaco” (Monako), “Esri” (AQSh), “Satlantis” (Ispaniya), “Astranis” (AQSh), “Rohde and Schwarz” (Germaniya), “IAI” (Isroil), “GUHEM” (Turkiya), “Creotech” (Polsha), “Synspective” (Yaponiya), “Voyager” (AQSh), “NanoAvionics” (Litva),  “iSpace” (Yaponiya) kabi kompaniyalar va “IAF” (Fransiya),  “ICESCO” (Marokash) kabi xalqaro tashkilotlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. 

Konferensiya doirasida “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan “Voyager” kompaniyasi (AQSh) hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi bilan anglashuv memorandumlari imzolandi.

Konferensiya yakuniy natijalari bo‘yicha xorijiy tomonlar bilan kosmik sohani rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish, xorijiy davlatlar tajribasini inobatga olgan holda O‘zbekistonda sun’iy yo‘ldosh aloqasi yo‘nalishini tartibga solish bo‘yicha qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish, kichik o‘quv sun’iy yo‘ldoshini ishlab chiqish va uchirish loyihasi yuzasidan muzokaralarni davom ettirish, kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etishda ko‘maklashish, kosmik texnologiyalarning iqtisodiy-ijtimoiy hamda xarbiylashgan sohalarda qo‘llash tajribasi bilan tanishish yuzasidan sinov loyihalar amalga oshirish masalalari yuzasidan kelishuvlarga erishildi.