“O‘zbekkosmos” agentligi Kosmosdan tinch maqsadlarda foydalanish qo‘mitasining 66-sessiyasida ishtirok etdi

Sana: 01.06.2023

2023 yil 31 maydan 9 iyungacha bo‘lib o‘tgan BMT Kosmik fazodan tinchlik maqsadlarida foydalanish qo‘mitasining (UN COPUOS) 66-sessiyasida Omran Sharaf (BAA vakili) raislik qildi. Sessiya 87 ta a’zo davlat vakillari: kosmik agentlik rahbar va mutasaddilari, Tashqi ishlar vazirliklari diplomatlari hamda davlatlarning Venada joylashgan diplomatik vakolatxona vakillari hamda doimiy kuzatuvchi xalqaro tashkilotlari ishtirok etishdi. Tadbir doirasida 17 ta masala, jumladan, umumiy masalalar yuzasidan fikr almashish, kosmik fazodan tinch maqsadlarda foydalanish yo‘llari, Ilmiy-texnik va yuridik quyi qo‘mitalarning hisobotlari, kosmos va barqaror rivojlanish, kosmos va suv, kosmos va iqlim o‘zgarishi, BMT tizimida kosmik texnologiyalarining qo‘llanilishi, qo‘mitaning kelajakdagi roli va ish yuritish uslublari, kosmik tadqiqotlar va innovatsiyalar, “Space2030” kun tartibi va boshqa tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.

2023 yil 1 iyun kuni O‘zbekiston tomonidan sessiyaning kun tartibining umumiy masalalar yuzasidan fikr almashishga bag‘ishlangan bandida nutq bilan so‘zga chiqildi. Nutq so‘zi so‘nggi yillarda O‘zbekistonda kosmik sohani rivojlantirilishiga qaratilgan e’tibor ta’kidlanib o‘tilib, kelgusi yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar berildi hamda kosmik sohani rivojlantirishda xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va kosmik fazodan tinch maqsadlarda foydalanish muhimligi ta’kidlandi.

Sessiya yakunlariga ko‘ra, Qo‘mitaning faoliyati bo‘yicha BMT Bosh Assambleyasiga bayonot tayyorlandi. Unda kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan a’zo davlatlar ilgari surgan hamda konsensusga erishilgan takliflar aks ettirildi.

Sessiya doirasida AQSh, Kanada, Yaponiya, BAA, Rossiya, Turkiya, Pokiston, Qatar davlatlaridan tashrif buyurgan delegatsiyalar bilan bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvlar doirasida O‘zbekistonda kosmik sohani rivojlantirishda xorijiy tajribani o‘rganish, qonunchilik ishlab chiqishda tajriba almashish hamda kosmik ta’limni tatbiq etishda hamkorlikda loyihalar amalga oshirish masalalari yuzasidan muhokamalar olib borildi.

Shu bilan birga, sessiya doirasida BMT kosmik ishlar boshqarmasi direktor v.b. Niklas Hedman hamda BMT Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi Kosmik ilovalar sektori boshlig‘i Keran Vang bilan uchrashuv o‘tkazildi.