“O‘zbekkosmos” agentligi Vengriya kosmik soha salohiyati, tajribasi va imkoniyatlari bilan tanishdi

Sana: 02.06.2023

“O‘zbekkosmos” agentligi delegatsiyasi Vengriya poytaxti Budapesht shahriga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi kosmik masalalar bo‘yicha komissari bilan uchrashuv o‘tkazildi, Budapesht texnologiya va iqtisodiyot universitetiga va “BHE Bonn Hungary Electronics Ltd.” kompaniyasiga tashrif buyurildi.

 

Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi

Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi kosmik masalalar bo‘yicha komissari O. Ferensz bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida ikki tomonlama hamda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun: Hozirda Vengriya kosmik faoliyati Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi. Vengriya Yevropa Ittifoqiga a’zo davlat hisoblanib, kosmik faoliyat doirasida ham Yevropa kosmik agentligi bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi. Vengriya tomonidan har yili Yevropa kosmik agentligi faoliyati uchun 25 million yevro miqdorida byudjet mablag‘lari ajratiladi.

Xususan, Vengriya maktablarida Singapur va Isroil davlatlari tajribasiga tayangan holda kosmik ta’limni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, kichik hajmdagi “CubeSat” sun’iy yo‘ldoshlari loyihalari, “Unispace” loyihasi hamda “HUNSPACE” kosmik klasterlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Bundan tashqari Vengriya ham Niderlandiyaning “SpaceBuzz” loyihasini tatbiq etish uchun ishlarni amalga oshrilayotganligi hamda bir nechta maktablarda sinov tariqasida loyiha amalga oshirilganligi to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Bundan tashqari Vengriyada Yevropa kosmik agentligi bilan hamkorlikda Lechner bilim markazi tashkil etilgan bo‘lib, mazkur markaz geofazoviy ma’lumotlar bilan ishlash uchun mas’ul markaz bo‘lib, hukumatga yer munosabatlari, qishloq xo‘jaligi kabi iqtisodiy sohalarni boshqarishda ko‘makchi markaz hisoblanadi.

Uchrashuv so‘ngida tomonlar kosmik ta’lim, sohaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida hamkorlik memorandumi loyihasini ishlab chiqish va hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishib olindi.

 

Budapesht texnologiya va iqtisodiyot universiteti

Budapesht texnologiya va iqtisodiyot universitetiga tashrif doirasida Vengriyaning oliy ta’lim tizimida kosmik sohani rivojlantirish hamda ilmiy-amaliy ishlar olib borish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi.

Xususan, universitetda kichik hajmdagi sun’iy yo‘ldoshlarni ishlab chiqish, ularni boshqarish, ulardan ma’lumotlarni qabul qilish va qayta ishlash salohiyati bilan tanishildi. Kichik sun’iy yo‘ldoshlar orqali amalga oshirilayotgan ilmiy ishlar bilan taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur sun’iy yo‘ldoshlar universitet talabalari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur loyihalar talabalarning sun’iy yo‘ldoshlarni ishlab chiqish salohiyat va ko‘nikmalarini oshirish uchun muhimligi ta’kidlandi.

Hozirda universitet tomonidan kosmik texnologiyalar yo‘nalishida xorijiy talabalarni qabul qilish maqsadida ingliz tilida ta’lim dasturini joriy etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.

Shu bilan birga universitet binosi tom qismida o‘rnatilgan yer usti stansiyasi ko‘zdan kechirildi.

Tashrif doirasida “HUNSPACE” klasteri tomonidan ham klaster salohiyati hamda universitet bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlash tizimini uyg‘unlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berildi.

Tashrif yakuni bo‘yicha Vengriya tajribasini o‘rganish hamda mazkur tajribani O‘zbekiston universitetlarida tatbiq etish maqsadida universitetlar o‘rtasida aloqalarni o‘rnatish, qo‘shma o‘quv dasturlarini ishlab chiqish taklifini qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekistonda “CubeSat” sun’iy yo‘ldosh loyihasini amalga oshirishda universitet bilan konsultativ uchrashuvlar o‘tkazish kelishib olindi.

 

“BHE Bonn Hungary Electronics Ltd.” kompaniyasi

“BHE Bonn Hungary Electronics Ltd.” kompaniyasiga tashrif doirasida kompaniyaning ishlab chiqarish faoliyati, quvvati, salohiyati hamda qurilmalarni sinovdan o‘tkazish imkoniyatlari bilan tanishildi.

Ma’lumot uchun: “BHE Bonn Hungary Electronics Ltd.” kompaniyasi Vengriyaning sohadagi eng yirik kompaniyasi hisoblanadi. 30 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lib, sun’iy yo‘ldoshlar va yer usti stansiyalari uchun kosmik aloqa qurilmalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Uchrashuv doirasida kompaniyaning xalqaro darajadagi loyihalarda ishtiroki, Yevropaning yirik korporatsiyalari bilan shartnomalari bo‘yicha ma’lumotlar berildi hamda kompaniyaning xomashyo ta’minot zanjiri va MDH davlatlaridagi buyurtmachilar bilan hamkorlik masalalaridagi muommalar muhokama qilindi.

Uchrashuv yakuni bo‘yicha istiqbolli hamkorlik masalalarini birgalikda o‘rganib chiqish, O‘zbekiston va Vengriya hukumatlari o‘rtasidagi aloqalarning ijobiy rivojlanayotganligini inobatga olib, kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatining bir qismini O‘zbekistonda tashkil etish kelishib olindi.