“Space Camp Turkiye 2023” xalqaro loyihasiga bagʻishlangan tadbir bo'lib o'tdi

Sana: 27.09.2023

Joriy yilning 27-sentabr kuni “Oʻzbekkosmos” agentligi tomonidan Turkiy davlatlar tashkiloti aʻzo davlatlarning kosmik agentliklari bilan hamkorlik doirasida “Space Camp Turkiye 2023” xalqaro loyihasini amalga oshirilganligiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

“Space Camp Turkiye 2023” (kosmik lager) joriy yilning 27-avgustidan 2-sentabriga qadar Bursa (Turkiya) shahridagi GUHEM Kosmik ta’lim markazida bo‘lib o‘tgan tadbirdir. Tadbir Turkiy Davlatlar Tashkiloti, Turkiya Koinot Agentligi va Bursadagi Go‘kmen Koinot va Aviatsiya Ta’lim Markazi (GUHEM) tomonidan tashkil etildi.

Tashkilotchilar taklifiga ko‘ra “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan “Space Camp Turkiye 2023” tadbirida ishtirok etish istagini bildirganlarni orasida tanlov o‘tkazib, mamlakatimizdan 9 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan 10 nafar vatandoshlarimiz astronomiya, fizika, biologiya, kimyo va boshqa ilmiy sohalarida zarur bilim olish uchun, shuningdek, turli simulyatorlar, tajribalar va treninglarda ishtirok etish uchun hamda o'zini haqiqiy kosmonavt his qilish uchun Turkiyaning Bursa shahriga yuborildi.

Shubhasiz, “Space Camp Turkiye 2023” loyihasida ishtirok etish yosh tadqiqotchilarimizga astronavtika va kosmik texnologiyalar sohasida o‘ziga xos tajriba va yangi ko‘nikmalar berdi, ular uchun kosmik fani va aviatsiya sohasida yangi ufqlarni ochdi.

Bugungi tadbirda ishtirokchilar kosmik lagerida o‘tkazgan vaqtlari haqidagi o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi, o‘z ixtirolarini namoyon etishdi, istiqboldagi rejalar, kosmik fanlar sohasidagi bilimlarni yanada rivojlantirish va kengaytirish haqida so‘z yuritishdi.

Tadbir yakuniga ko‘ra, kosmik lagerining har bir ishtirokchisi mamlakatimiz kosmik sohasini rivojlantirishdagi faol ishtiroki, yoshlar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlari, sa’y-harakatlari, shuningdek, har bir insonning hayotiga kosmik texnologiyalarini joriy etish bo'yicha innovatsion g'oyalar va takliflarni tayyorlaganligi uchun “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan “O‘zbek koinot elchisi” unvoni bilan taqdirlandi.