Sana: 25.10.2023
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlari va texnologiyalari agentligida (“O‘zbekkosmos” agentligi) Tatariston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari R.A. Shayxutdinov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbekkosmos” agentligi direktori Sh. Kadirov mehmonlarni Agentlik faoliyati va uning natijalari bilan tanishtirdi. Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, kosmik soha uchun kadrlar tayyorlash, Yerni masofadan turib zondlash va davlat kosmik monitoringi yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Tatariston vakillari Innopolis universitetining Geoaxborot texnologiyalari markazi tomonidan turli hududlar uchun sun’iy yo‘ldoshlar va dronlar yordamida Yerni masofadan zondlash yordamida ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida taqdimot o‘tkazdi, shuningdek, Markaz faoliyati bilan ham tanishtirdi.
Bundan tashqari, uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarish bo'yicha ma'lumotlar taqdim etildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlari va istiqbollarini belgilash bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldilar. Ikki tomon vakillari uchrashuv uchun minnatdorchilik bildirdilar.