Sana: 12.03.2024
O‘zbekiston geografik jihatdan suv resurslari kam bo‘lgan davlatdir. Iqlim o‘zgarishi mintaqadagi qurg‘oqchilikni yanada kuchaytirmoqda. Qishloq xo‘jaligi, sanoat va maishiy iste’mol uchun suv tanqisligi mamlakat uchun eng katta xavfga aylandi.
Bugungi kunda ko‘pgina mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston suvga qum, gil va loyning kirib kelishi natijasida yuzaga keladigan, suv omborining tubiga joylashib, vaqt o‘tishi bilan uning quvvati va samaradorligini pasaytiradigan suv omborlarining loy bo‘lishi muammosiga duch kelmoqda.
Ayniqsa, quruq kelgan yillarda suv omborlarining haqiqiy hajmi va daryo oqimi to‘g‘risida ishonchli ma’lumotlarning yetishmasligi suv resurslarining noto‘g‘ri taqsimlanishiga va shunga mos keladigan salbiy oqibatlarga olib keladi.
Suv omborlarining samarali va tejamkor ishlashining shartlaridan biri uning haqiqiy hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning mavjudligi bo‘lib, u har yili loyqalanish tufayli doimiy ravishda kamayadi. Suv taqchilligini kamaytirish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlar ko‘rish va aniq yechimlarni ishlab chiqish uchun mamlakatimiz suv omborlarida to‘planishi mumkin bo‘lgan suvning haqiqiy hajmini tizimli ravishda aniqlash zarur.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston hududida 71 ta strategik va iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan suv ombori joylashgan va ulardan 64 tasi tabiiy ravishda to‘ldirilgani ularning loyqalanish darajasini oshiradi.
Chorvoq suv ombori misolida suv omborining loyihaviy suv miqdori qariyb 2 milliard kub metr suvni tashkil etdi. Batimetrik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, hozirgi sig‘imi 1 milliard 840 million kub metr suv ekanligi aniqlanib, suv ombori havzasining uch o‘lchamli raqamli modeli yaratildi. 166 million kub metr hajmdagi farq shuni ko‘rsatadiki, loy suv omborining umumiy hajmining 8,3 foizini tashkil qiladi.
Ma’lumot uchun: Batimetrik tadqiqot suv havzalarining chuqurligini o‘lchash uchun amalga oshiriladi. Batimetrik tadqiqot davomida olingan ma’lumotlar suv ombori tubining batafsil xaritasini yoki chuqurlikdagi o‘zgarishlarni aks ettiruvchi batimetrik xaritani yaratishga imkon beradi.