Sana: 16.06.2022
Joriy yilning 14-iyun kuni “O‘zbekkosmos” agentligi Bosh direktori v.b. Shuxrat Kadirov hamda Portugaliya kosmik agentligi prezidenti Rikardo Konde ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekkosmos” agentligi vakillari Portugaliyaning 2020-yilda qabul qilingan “Portugal Space - 2030” milliy kosmik dasturi bilan yaqindan tanishdi.
Portugaliya Yevropa kosmik agentligi a’zosi sifatida 15 yildan buyon faoliyat olib boradi hamda Portugaliya kosmik agentligi BMTning Kosmik fazodan tinch maqsadlarda foydalanish qo‘mitasi a’zosi hisoblanadi.
Hozirgi kunda Portugaliya 2 ta yuqori aniqlikdagi Yerni kuzatish sun’iy yo‘ldoshlariga ega bo‘lib, ulardan foydalangan holda oziq-ovqat xavfsizligi, suv tanqisligi, tabiiy boyliklarni boshqarish, yer resurslaridan foydalanish, okean ifloslanishini monitoring qilish kabi yo‘lanishlarda muammolarni hal etilmoqda.
Portugaliya kosmik agentligi tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator dastur va musoboqalar, jumladan, kosmik ta’lim dasturlari, universitetlar miqyosida kichik raketalarni loyihalash, ishlab chiqarish va uchirish musobaqalari, kichik hajmdagi sun’iy yo‘ldoshlarni ishlab chiqish bo‘yicha grant dasturlari mavjud va ular har yili mamlakat miqyosida o‘tkazib boriladi.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha Portugaliya kosmik agentligi bilan Yerni masofadan zondlash yo‘nalishida ilmiy ko‘nikmalarni orttirish maqsadida treninglar tashkil etish, agentliklar tomonidan amalga oshirilgan loyihalar bilan tanishish va o‘zaro fikr almashish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning kosmik sohaga qiziqishini orrtirish yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida agentliklar o‘rtasida Anglashuv memorandumi ishlab chiqish kelishib olindi.