“EKO-ARAL” loyihasi doirasida hamkorlik

Sana: 08.08.2022

Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash, mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish hamda aholi turmush tarzi va daromadlarini oshirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Orol dengizining qurib qolgan qismida ekotizimni yaxshilash, tadqiqotlar va innovatsiyalarning ilg‘or tajribalarini joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi tashkil etildi hamda Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingan.

“O‘zbekkosmos” agentligi vakillari “Eko-Aral” loyihasi doirasida Germaniya aviatsiya va kosmonavtika markazi (DLR) mutaxassislari bilan uchrashuv o‘tkazdilar. Unda tomonlar loyihani amalga oshirishda kosmik texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalanish va kelgusi hamkorlik masalalarini muhokama qilindi. Bunda Orolbo‘yi mintaqasini barqaror va samarali iqtisodiy rivojlantirish va uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi.

“O‘zbekkosmos” agentligi Matbuot xizmati