Sana: 11.08.2022
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Kosmik ishlar bo‘yicha boshqarmasi (UNOOSA) va Yaponiya hukumati tomonidan Kyushu texnologiya instituti bilan hamkorlikda rivojlanayotgan mamlakatlar va kosmik kuchga ega bo‘lmagan davlatlar fuqarolari uchun Nano sunʼiy yo‘ldosh texnologiyalari bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining uzoq muddatli stipendiya dasturi eʼlon qilindi. Dastur Kyushu texnologiya institutida mavjud bo‘lgan Nano sunʼiy yo‘ldosh ishlab chiqish va sinov vositalaridan foydalangan holda Nano sunʼiy yo‘ldosh tizimlari sohasida tadqiqotlar o‘tkazish uchun keng imkoniyatlar beradi.
Mazkur dastur har yili “Nano sunʼiy yo‘ldosh texnologiyalari aspiranti (PNST)” yo‘nalishi bo‘yicha 3 ta magistrant va 3 ta doktarantlarni o‘qish uchun qabul qiladi. Taʼlim olish muddati mos ravishda 2 va 3 yilni tashkil etadi. Diplomni muvaffaqiyatli himoya qilgan talabalar magistr va fanlar doktori darajalariga ega bo‘lishadi hamda Kyushu texnologiya instituti Oliy muhandislik maktabining kosmik muhandislik xalqaro kurslariga imtihon topshirish imkonini qo‘lga kiritishadi.
O‘qishga qabul qilinganlar Yaponiya Taʼlim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligining (MEXT) maxsus stipendiyasiga ega bo‘lishdan tashqari, yana bir nechta qo‘shimcha imtiyozlarga ega bo‘lishadi.
Mazkur dasturda ishtirok etish istagida bo‘lgan nomzodlar quyidagi havola orqali to‘liq maʼlumotlar bilan tanishib chiqishlari mumkin: https://www.unoosa.org/oosa/en/ourwork/access2space4all/PNST/PNST_Rounds.html
Eslatib o‘tamiz, qabul uchun arizalar 2023 yilning 9 yanvargacha qabul qilinadi.