“Abu Dhabi Space Debate” yakunlari

Sana: 13.12.2022

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston delegatsiyasi Birlashgan Arab Amirliklarining Abu Dabi shahridagi “Abu Dhabi Space Debate” anjumanida ishtirok etib kelishdi.

Ikki kun davom etgan xalqaro tadbirda kosmik sohada faoliyat olib  boruvchi 50 ga yaqin davlatlarning rahbar va tegishli vakillari ishtirok etishdi. Mazkur tadbirning kun tartibida kosmik agentliklarning barqaror rivojlanishdagi o‘rni, yangi kosmik geosiyosat, kosmik fazoni tadqiq qilish va mazkur sohani rivojlantirishda xususiy sektorni jalb qilish, milliy kosmik dasturlar, kosmik fazo barqarorligi, rivojlanayotgan kosmik tendensiyalar kabi mavzular o‘rin oldi.

Shu bilan birga, turli kosmik agentliklar va tashkilotlar rahbarlari hamda tegishli mutaxassislari ishtirokida panel sessiyalar va seminarlar o‘tkazildi.

Seminarlar davomida O‘zbekiston delegatsiyasi ham kosmik sohada rivojlanayotgan davlatlar rivoji uchun ilmiy-texnik, sinov-ishlab chiqarish, tajriba-izlanish, muayyan bazaviy kosmik infratuzilmani tashkil etish kabi yo‘nalishlarda faoliyat samaradorligini oshirish uchun amalga oshirilishi zarur bo‘lgan tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.

“O‘zbekkosmos” vakillari konferensiya doirasida Turkiya kosmik agentligi (TUA), Turkiya Sanoat va texnologiyalar vazirligi, Fransiya kosmik tadiqotlar milliy markazi (CNES), Misr va Kolumbiya kosmik agentliklari, Buyuk Britaniyaning “PWC”, AQSHning  “ESRI”, “BlackSky” va “Maxar Technologies”, Ispaniyaning “Satlantis” hamda Bolgariyaning “EnduroSAT” kompaniyalari vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazishdi.

Uchrashuvlar davomida, turkiy davlatlar tashkiloti doirasida kosmik soha rivoji, tajriba almashinuvi, birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar hamda turkiy davlatlarning birinchi kubsatini uchirish, O‘zbekistonda “SpaceCamp” interaktiv o‘quv majmuasini tashkil qilish, xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Agentlik tizimidagi mutaxassislarni malakasini oshirish, kosmik sohada yangi hisoblangan buyumlar interneti (Internet of Things) texnologiyasini O‘zbekiston hududida sinovdan o‘tkazish, “SmallSat” sunʼiy yo‘ldoshlar turkumiga mansub kichik hajmdagi sunʼiy yo‘ldoshni loyihalashtirish va ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik, “ArcGIS” geoaxborot tizimi uchun butun O‘zbekiston Respublikasiga tatbiq etiluvchi yagona litsenziya olish imkoniyatini hamda ushbu dasturiy taʼminotdan foydalanish bo‘yicha malaka oshirishga qaratilgan yagona o‘quv markazini tashkil etish kabi bir qator muhim masalalarda muhokamalar olib borildi.

Shuningdek uchrashuvlar so‘ngida, “O‘zbekkosmos” agentligi mamlakatda sohani rivojlantirish yo‘lida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, malakali xorijiy ekspertlarni taklif qilgan holda O‘zbekistonda o‘quv-seminar, ilmiy-tadqiqotlarni o‘tkazish bo‘yicha ham samarali kelishuvlarga erishdi.