O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi va O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Sana: 30.03.2021

Joriy yilning 30 mart kuni o‘rmon kadastrini yuritishda Yerni masofadan zondlash texnologiyasi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va  uchuvchisiz uchish qurilmalaridan keng foydalanish ishlarini samarali tashkil etish va shu tariqa belgilangan vazifa va topshiriqlarni ijrosini taʼminlash hamda hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish maqsadida “O‘zbekkosmos” agentligi hamda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish departamenti boshlig‘i O. Umarov boshchiligida 2021 yil 17 mart kuni 08-08/1-1935-son Davlat kadastrlarini yuritishni takomillashtirish va raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan video selektor yig‘ilishi Bayonining 5-bandidagi “O‘rmon kadastrini yuritishda yerni masofadan turib zondlash texnologiyasini joriy etish bo‘yicha asoslangan takliflarni ishlab chiqish hamda Vazirlar Mahkamasiga kiritish masalasi” ijrosini taʼminlash yuzasidan munozaralar olib bordilar. Shuningdek, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan foydalanilayotgan yerlar, jismoniy va yuridik shaxslarga ijaraga berilgan yerlar, o‘rmon fondining bo‘sh yerlari va foydalanib bo‘lmaydigan yerlar guruhlariga ajratish masalalar yechimi yuzasidan hamkorlikda ishlash yuzasidan suhbatlashdilar.

Uchrashuv yakunida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan asoslangan texnik tavsif va topshiriq asosida O‘zbekiston Respublikasi Toshkent viloyatining Quyichirchiq va Bekobod tumanlarida o‘rmon xo‘jaligi sohasida pilot loyihani amalga oshirishga kelishildi.